Markaziy Osiyoda yagona seysmoplatforma ishga tushdi
O‘zbekistonda seysmik xavfsizlikni ta’minlash va binolarning zilzilabardoshligini oshirish borasida yana bir muhim qadam tashlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Muhammad Toshevich O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutida Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan zamonaviy seysmoplatforma ishga tushirildi. Bu haqda institut matbuot xizmati rahbari Gulnoza Sharofova xabar berdi.
Qayd etish lozimki, 2026-yilning birinchi yarmida institutda qator tashkiliy va ilmiy yangilanishlar amalga oshirildi. Yangi tuzilma asosida 10 ta ilmiy laboratoriya hamda "Bino va inshootlar zilzilabardoshligi eksperimental-sinov markazi" tashkil etildi. Ilmiy laboratoriyalar zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanib, jihozlanish darajasi 70 foizga yetkazildi, ikkita yangi tajriba-sinov laboratoriyasi foydalanishga topshirildi.
Institut olimlari tomonidan ko‘p qavatli binolarning seysmik barqarorligini oshirishga xizmat qiluvchi yangi dempfer qurilmasi yaratildi. Tajriba sinovlari uning zilzila ta’sirini samarali kamaytirishini ko‘rsatdi.
Shuningdek, muhandislik-seysmometrik kuzatish stansiyasi orqali bir nechta zilzilalar qayd etildi. Seysmoskop asosidagi yangi stansiya sinovdan o‘tkazilib, zilzila epitsentri va seysmik to‘lqinlar yo‘nalishini aniqlash imkoniyati tasdiqlandi.
Institutda gruntlar mexanikasi, suyuqlik va gaz mexanikasi hamda mashinasozlik yo‘nalishlarida ham muhim ilmiy natijalar qo‘lga kiritildi. Jumladan, Chorvoq gruntli to‘g‘onining seysmik mustahkamligi qayta baholandi, turbulent gaz yonishining yangi modeli va issiqlik almashtirgichlar uchun dasturiy vositalar ishlab chiqildi. Paxta terish mashinalari samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi yechimlar ham yaratildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu natijalar mamlakatda seysmik xavfsizlikni mustahkamlash, zamonaviy muhandislik yechimlarini amaliyotga keng joriy etish va ilmiy salohiyatni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA