Bitiruvchilar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi
Poytaxtimizda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda 200 ga yaqin ish beruvchi, davlat va xususiy tashkilotlar, tijorat banklari hamda mas’ul idoralar vakillari hamda 500 dan ortiq bitiruvchilar ishtirok etdi.
Ma’lumki, zamonaviy mehnat bozorida bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash va ularni munosib ish o‘rinlari bilan qamrab olish bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biriga aylandi. Shu munosabat bilan, yurtimizda yangi kuch va salohiyatga ega bo‘lgan yosh mutaxassislarni ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lovchi yirik mehnat yarmarkasi muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Ushbu tadbir nafaqat oliy va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun karera ostonasidagi ilk dadil qadam, balki tashkilotlar uchun malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Yoshlar imkoniyatlarini yanada kengaytirish va ularning bandligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan yarmarkada minglab vakansiyalar bilan tanishilib, tashkilotlar mas’ullari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbatlashishga muvaffaq bo‘lindi.

Xususan, ular ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilib, ishga joylashish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda "Oson ish" platformasi va Davlat fuqarolik xizmati vakant lavozimlarining yagona ochiq portali imkoniyatlari bilan tanishdi.

Shuningdek, Bandlik boshqarmalari mutaxassislari tomonidan ishga joylashish yuzasidan maslahatlar, tijorat banki vakillari tomonidan esa imtiyozli kreditlar va moliyaviy xizmatlar bo‘yicha muloqot hamda bandlikni ta’minlash kasbiy faoliyatni boshlash yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA