Orolbo‘yi mintaqasi: barqaror taraqqiyot sari yo‘l
Bugun Orolbo‘yi muammolari nafaqat mintaqa mamlakatlari, balki xalqaro hamjamiyatning e’tibor markazida turgan dolzarb masalalardan biridir. Orolbo‘yi hududida amalga oshirilayotgan ishlar mavjud ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy muammolarni yumshatishda muhim o‘rin tutadi. Bu borada O‘zbekiston Barqaror rivojlanish markazi bo‘lim boshlig‘i Muslim Ergashboyev Orolbo‘yini ekologik jihatdan tiklashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Yaqin o‘tmishda Orol dengizi dunyodagi eng yirik ichki suv havzalaridan biri sifatida e’tirof etilar edi. U nafaqat rivojlangan baliqchilik tarmog‘ining asosi, balki mintaqa iqlimini barqarorlashtiruvchi muhim tabiiy omil hamda Markaziy Osiyoda yashovchi millionlab aholi uchun farovonlik manbai bo‘lgan.
So‘nggi yillarda Orolbo‘yi muammolariga xalqaro hamjamiyat e’tibori sezilarli darajada ortdi. Davlatimiz tomonidan ekotizimlarni tiklashga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilmoqda, xalqaro tashkilotlar esa suv resurslarini samarali boshqarish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shu bilan birga, mintaqa oldida turgan ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy muammolar hali ham o‘ta murakkabligicha qolmoqda. Ularni hal etish alohida loyihalar bilan cheklanib qolmasdan, integratsiyalashgan, kompleks va uzoq muddatli yondashuvlarni talab etadi.
Orolbo‘yini ekologik jihatdan tiklashning ustuvor yo‘nalishlaridan biri dengizning qurigan tubini ko‘kalamzorlashtirish hisoblanadi. Ayniqsa, saksovul ekish ishlari ekologik halokat oqibatlarini yumshatishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Saksovulning chuqur va baquvvat ildiz tizimi qumli tuproqlarni mustahkamlaydi, tuz va chang bo‘ronlari tarqalishini cheklaydi hamda tabiiy ekotizimlarning bosqichma-bosqich tiklanishiga xizmat qiladi.
Biroq, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligini baholashda faqat ko‘kalamzorlashtirilgan maydonlar hajmi bilan cheklanish to‘g‘ri emas. Asosiy e’tibor ko‘chatlarning yashovchanlik darajasi, tuz va chang tarqalishining kamayishi, havo sifati yaxshilanishi hamda bu o‘zgarishlarning aholi salomatligiga ko‘rsatayotgan ta’siri kabi natijaviy ko‘rsatkichlarga qaratilishi lozim. Ana shundagina ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari bir martalik ekologik aksiya emas, balki Orolbo‘yining barqaror taraqqiyotiga xizmat qiluvchi uzoq muddatli va samarali mexanizmga aylanadi.
Ekologik tiklanish bilan bir qatorda mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirish ham ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Agar aholi munosib mehnat qilish imkoniyati va barqaror daromad manbalariga ega bo‘lmasa, ekologik tiklanishning o‘zi migratsiya jarayonlarini to‘liq bartaraf eta olmaydi. Shu sababli Orolbo‘yini rivojlantirish dasturlari nafaqat tabiatni muhofaza qilishga, balki investitsiyalarni jalb etish, iqtisodiy faollikni kuchaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga ham xizmat qilishi zarur.
Orolbo‘yining barqaror rivojlanishi ekologik muammolarning transchegaraviy xususiyatini inobatga olgan holda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashni taqozo etadi. Chunki Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan oqilona foydalanish, gidrologik ma’lumotlar almashish, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda ekologik loyihalarni birgalikda amalga oshirish Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamjihatligiga bog‘liq.
Suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish ham bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Irrigatsiya tarmoqlarini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va suv hisobini avtomatlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhim ahamiyatga ega. Biroq, faqat infratuzilmani yangilash orqali kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Buning uchun jamiyatda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish madaniyatini shakllantirish ham birdek muhimdir.
Ekologik mas’uliyatni kuchaytirishda mahalla va fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarur. Mahalla tizimi orqali aholi o‘rtasida suv va elektr energiyasini tejash, chiqindilarni saralash, maishiy chiqindilar hamda xazonni yoqmaslik, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish kabi ekologik odatlarni keng targ‘ib etish mumkin.
Orolbo‘yini barqaror rivojlantirishda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ekologiya, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, ijtimoiy himoya va iqtisodiy taraqqiyot sohalarida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar aksariyat hollarda alohida yo‘nalishlar sifatida tashkil etilmoqda. Vaholanki, Orolbo‘yi sharoitida mazkur sohalar o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, ularni yagona yondashuv asosida muvofiqlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan barcha manfaatdor idoralar faoliyatini uyg‘unlashtiruvchi, mas’uliyat va vakolatlar aniq belgilangan hamda natijalarni baholashning yagona mexanizmiga ega bo‘lgan idoralararo boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq.
Orolbo‘yini rivojlantirish siyosatida aholining ishtirokini kengaytirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Keyingi yillarda jamoatchilik muhokamalari amaliyoti kengaygan bo‘lsa-da, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar hali ham rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish jarayonida yetarlicha ishtirok etmayapti. Holbuki, suv tanqisligi, yerlarning degradatsiyasi, bandlik va sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq muammolarni eng yaxshi biladigan ham aynan shu hudud aholisidir. Shuning uchun aholini faqat ijtimoiy yordam oluvchi sub’ekt sifatida emas, balki amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi sifatida ko‘rish maqsadga muvofiq. Bu esa davlat dasturlarining samaradorligi va aholi ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Raqamli texnologiyalarni davlat boshqaruviga keng joriy etish ham Orolbo‘yini rivojlantirish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Zamonaviy axborot texnologiyalari ekologik va ijtimoiy muammolarni tezkor aniqlash hamda ularga o‘z vaqtida chora ko‘rish imkonini beradi. Shu nuqtai nazardan, aholi suv tanqisligi, yerlarning degradatsiyasi, noqonuniy chiqindixonalar, yashil hududlarning qisqarishi yoki boshqa ekologik muammolar haqida ma’lumot yuborishi mumkin bo‘lgan yagona raqamli platformani joriy etish maqsadga muvofiq.
Ekologik volontyorlik harakatini rivojlantirish ham katta imkoniyatlarga ega. Bugungi kunda yoshlar faqat tozalash yoki daraxt ekish tadbirlarida ishtirok etish bilan cheklanib qolmasdan, ekologik monitoring, aholining ekologik savodxonligini oshirish, raqamli ekologik loyihalarni ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish hamda innovatsion yechimlar ishlab chiqishda ham faol qatnashishi mumkin. Bu esa tabiatni muhofaza qilishni har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyati sifatida qabul qiladigan yangi avlodni shakllantirishga xizmat qiladi.
Markaziy Osiyo aholisining katta qismini yoshlar tashkil etishini inobatga olgan holda, ularning mintaqa ekologik kelajagini belgilashdagi ishtirokini yanada kuchaytirish zarur. Shu maqsadda Youth Council for the Aral Sea xalqaro yoshlar maslahat kengashini tashkil etish maqsadga muvofiq. Mazkur platforma Markaziy Osiyo mamlakatlarining yosh olimlari, ekologlari, volontyorlari, oliy ta’lim muassasalari va yoshlar tashkilotlari vakillarini birlashtirib, qo‘shma tashabbuslar ishlab chiqish, transchegaraviy ekologik loyihalarni amalga oshirish hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, mazkur kengash xalq diplomatiyasining zamonaviy instituti sifatida ekologik masalalar bo‘yicha yoshlarning fikri va tashabbuslarini davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik jarayonlariga keng jalb etish imkonini beradi.
Orolbo‘yining istiqbolli rivojlanish yo‘nalishlaridan yana biri ekologik turizmni kengaytirish hisoblanadi. Bugungi kunda Mo‘ynoq, asosan, ekologik halokat ramzi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, mavjud tabiiy va tarixiy salohiyatdan oqilona foydalanish orqali ushbu hududni xalqaro ilmiy va ekologik turizm markazlaridan biriga aylantirish mumkin. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy aholi daromadlarini oshirish hamda Orolbo‘yining xalqaro imijini shakllantirishga munosib hissa qo‘shadi.
Orolbo‘yini barqaror rivojlanish samaradorligini xolis baholash maqsadida hududning Barqaror rivojlanish indeksini joriy etish maqsadga muvofiq. Mazkur indeks amalga oshirilgan tadbirlar yoki o‘zlashtirilgan mablag‘lar hajmini emas, balki aholi hayotida yuz berayotgan real ijobiy o‘zgarishlarni aks ettiruvchi ko‘rsatkichlarga asoslanishi lozim. Jumladan, ichimlik suvi sifati, aholi salomatligi, bandlik darajasi, ekologik holat, «yashil iqtisodiyot»ning rivojlanish sur’atlari, fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtiroki hamda davlat xizmatlari sifatidan qoniqish darajasi kabi mezonlar mazkur indeksning asosiy tarkibiy qismini tashkil etishi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa amalga oshirilayotgan davlat siyosatining natijadorligini xolis baholash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va istiqbolli yo‘nalishlarni ilmiy asosda belgilash imkonini beradi.
Orolbo‘yi XX asrning eng yirik ekologik halokatlaridan biri sifatida insoniyat tarixidan o‘rin oldi. Biroq, bugun mazkur hudud oldida mutlaqo yangi istiqbollar ochilmoqda. Agar ekologik tiklanish iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy farovonlik, zamonaviy boshqaruv, innovatsiyalar va samarali mintaqaviy hamkorlik bilan uyg‘unlashtirilsa, Orolbo‘yi XXI asrda muvaffaqiyatli ekologik transformatsiya namunasiga aylanishi mumkin.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA