Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi g‘oliblariga guvohnomalar topshirildi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi g‘oliblariga mazkur stipendiya guvohnomasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda iste’dodli yoshlar, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ular erishayotgan yutuqlarni rag‘batlantirish va munosib taqdirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun alohida davlat stipendiyalari tayinlanyapti.

Xususan, davlatimiz rahbarining 2020-yil 21aprelda qabul qilingan “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida oliy ta’lim muassasalarida tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishida ta’lim olayotgan iqtidorli va ijodkor talabalarni moddiy va ma’naviy munosib qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini ta’sis etish vazifasi belgilandi.

Stipendiya tayinlashda talabgorning oliy ta’lim muassasasidagi tahsil davrida viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil etgani, soha bo‘yicha xalqaro va respublika darajasidagi ko‘rgazma, biyennale, festival, simpozium, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki va natijalarga erishgani, o‘quv jarayonida mutaxassislik fanlarini a’lo baholarga o‘zlashtirgani, o‘zbek milliy san’atini targ‘ib qilishga qo‘shgan hissasi inobatga olinadi.

Joriy yilda oltinchi bor O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli va ijodkor talabalari uchun Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi tanlovi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tuzilgan Ekspert guruhining qaroriga asosan 7 nafar iqtidorli talaba tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur ishtirok etdi va talabalarga ushbu davlat stipendiyasi guvohnomasini topshirdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA