Ma’muriy sud ishlarini yuritishda dastlabki eshituv instituti joriy etiladi
Mamlakatimizda sud-huquq tizimi tobora takomillashtirilmoqda. Xo‘sh, nimalar o‘zgarmoqda?
Qonun (O‘RQ–1165-son, 14.08.2026 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Iqtisodiy sudlarning ma’muriy boshqaruv tizimini soddalashtirishga qaratilgan ayrim qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi.
2026-yil 14-avgustda qabul qilingan Qonun bilan kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ma’muriy sudlar ma’muriy ishlarning muhokamasi chog‘ida ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan hollarda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180 va 181-moddalaridagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishi belgilandi.
Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ishonchning huquqiy himoyasi prinsipi kiritildi.
Shu bilan birga, ma’muriy sudlarda dastlabki eshituv instituti joriy etildi.
Unga ko‘ra, ma’muriy organlar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining qonunchilikka mos kelmaydigan hamda shaxslarning huquqlari va manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishni sud muhokamasiga tayyorlash jarayonida dastlabki eshituv o‘tkaziladi.
Sudya dastlabki eshituvni ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran 20 kundan kechiktirmay o‘tkazadi.
Dastlabki eshituvni o‘tkazish chog‘ida sudya:
Arizachining talablari va javobgarning e’tirozlarini aniqlashtiradi;
Arizadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi;
Arizachiga zarur dalillarni hamda javobgarga fikrini yozma ravishda taqdim etish bo‘yicha tushuntirishlar beradi;
Arizadagi talablar va ishdagi dalillarga dastlabki huquqiy baho beradi.
Dastlabki eshituv natijasiga ko‘ra arizani ko‘rmasdan qoldirish yoki kelishuv bitimini tasdiqlash yoxud ish bo‘yicha sud muhokamasini tayinlash to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
Sherbek Islomov, O‘zA