55 milliondan ortiq davlat xizmatlarining qariyb 84 foizi onlayn shaklda ko‘rsatilgan
«Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya davomida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov so‘nggi yillarda aholiga qulaylik yaratish maqsadida elektron shakldagi davlat xizmatlari ko‘lamini kengaytirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi:
— Bugun O‘zbekistonda davlat boshqaruvi va huquqiy tizimni zamonaviy talablar asosida yangilash jarayoni izchil davom etmoqda. Ilgari fuqarolar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun turli idoralarga borishi, ko‘plab hujjat va ma’lumotlarni to‘plashi, navbat kutishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun davlat xizmatlarining asosiy qismi elektron shaklga o‘tkazildi.

Eng muhimi, davlat organlari tomonidan fuqarodan ortiqcha hujjat va ma’lumot talab qilish amaliyoti bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Litsenziya, ruxsatnoma va boshqa davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi natijasida aholi uchun qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengaymoqda.
2026-yilda davlat xizmatlarining salmoqli qismi onlayn tarzda amalga oshirilmoqda. Jumladan, 55 milliondan ortiq davlat xizmatlarining qariyb 84 foizi fuqarolarga onlayn shaklda, ularning idorama-idora yurishisiz ko‘rsatilgan. Bu raqam raqamlashtirish shunchaki texnik yangilanish emas, balki davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarni tubdan o‘zgartirayotganini ko‘rsatadi.
Endilikda vazifa faqat elektron davlat xizmati yaratish bilan cheklanib qolmasligi kerak. Asosiy maqsad — inson ishtirokini imkon qadar kamaytirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish va fuqaro davlat organiga murojaat qilmasdan turib, qonun bilan kafolatlangan xizmatni avtomatik va proaktiv ravishda olishi uchun sharoit yaratishdir.
Odil sudlovga erishish ham islohotlarning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, sudlar faoliyatiga aralashuvning oldini olish, sud jarayonlarining ochiqligi va raqamlashtirilishini ta’minlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kelgusida sud-huquq sohasidagi asosiy e’tibor nizolarni imkon qadar sudgacha hal etish mexanizmlarini kengaytirishga qaratiladi. Mediatsiya va boshqa muqobil nizo hal qilish usullarini rivojlantirish, aholiga malakali yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini oshirish, raqamli texnologiyalar orqali sud jarayonlarining ochiqligi va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish muhim vazifalardan bo‘ladi.
Bugun dunyo juda tez o‘zgarmoqda. Sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi jamiyat hayotining barcha sohalari qatorida huquqiy tizim oldiga ham mutlaqo yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Shu bois, O‘zbekiston milliy taraqqiyotining yangi bosqichida huquqiy davlatni barpo etish va inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalarni amalga oshirish zarur.
Birinchidan, inson huquqlarini ta’minlashning samarali va amaliy mexanizmlarini yanada takomillashtirish lozim. Qonunning o‘zi huquqni kafolatlash uchun yetarli emas — uning amalda ishlashi, har bir inson o‘z huquqini real himoya qila olishi muhim.
Ikkinchidan, qonunlarning huquqiy kuchini, tushunarliligi va barqarorligini ta’minlash, yangi tartib-taomillarni joriy etishdan oldin ularning inson, jamiyat va iqtisodiyotga ta’sirini baholash tizimini kuchaytirish zarur.
Uchinchidan, yuridik munosabatlarni inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ustuvor qo‘ygan holda qayta ko‘rib chiqish, profilaktika, adolat va insonparvarlik tamoyillarini huquqni qo‘llash amaliyotining markaziga olib chiqish muhim.
To‘rtinchidan, sudgacha bo‘lgan jarayonlarni yanada takomillashtirish, kelishuv va murosaga asoslangan mexanizmlarni kengaytirish orqali fuqarolarning vaqt va mablag‘ini tejash, nizolarni tezkor va adolatli hal etish imkoniyatlarini oshirish kerak.
Beshinchidan, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalangan holda huquqiy ta’sirni tahlil qilish, huquqiy qarorlarning samaradorligini baholash va inson huquqlarini himoya qilishning yangi raqamli mexanizmlarini joriy etish talab etiladi.
Asosiy maqsad — inson uchun qulay, adolatli va samarali davlatni barpo etish. Shu ma’noda zamonaviy huquqiy tizimning markazida davlat idoralari emas, avvalo, inson, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari turishi kerak, — dedi adliya vaziri.
Muhtarama Komilova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA