Hududiy rivojlanishda BRMning roli kuchaytirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutida hududlarda Barqaror rivojlanish maqsadlarining (BRM) maqsad va vazifalarini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatning 14 ta hududidagi 41 ta oliy ta’lim muassasasidan olim va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Seminar davomida BRMni hududiy darajada amalga oshirishning dolzarb masalalari, bu jarayonda xalqaro tajribadan samarali foydalanish imkoniyatlari hamda O‘zbekistonda Ixtiyoriy mahalliy sharhlarni (VLR) tayyorlashning ahamiyati muhokama qilindi.
Shuningdek, hududlarda BRM ko‘rsatkichlarini muntazam monitoring qilish, ilmiy-tadqiqot natijalaridan samarali foydalanish va ularni hududiy rivojlanish jarayonlariga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish, belgilangan maqsadlarga erishish darajasini baholash hamda bu jarayonni samarali monitoring qilish muhimligi ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA