Kameralar, nazorat va mas’uliyat
Mahalladagi tinchlik va osoyishtalik faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki butun jamiyat mas’uliyati bilan ta’minlanadi. Jizzax viloyatida o‘tkazilgan navbatdagi tanqidiy-tahliliy yig‘ilishda aholi xavfsizligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va raqamli nazorat tizimlarini keng joriy etish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jizzax viloyatida mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilindi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda joriy yilning dastlabki besh oyida erishilgan natijalar tahlil qilinib, ayrim hududlarda saqlanib qolayotgan muammolar, mas’ul tashkilotlar faoliyatidagi kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Ta’kidlanganidek, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bugungi kunda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Prezidentning 2025-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohada mutlaqo yangi yondashuvlarni joriy etishga huquqiy zamin yaratdi. Qarorda har bir mahallada huquqbuzarliklarning sabab va omillarini manzilli bartaraf etish, raqamli texnologiyalardan keng foydalanish hamda aholining xavfsizlik hissini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Yig‘ilishda mazkur vazifalar ijrosi doirasida hududlarda kuzatuv kameralarini o‘rnatish va ularni yagona raqamli tizimlarga integratsiya qilish ishlari alohida ko‘rib chiqildi. Mas’ullarga joriy yil 1-iyulga qadar 2026-yilning birinchi va ikkinchi choraklarida rejalashtirilgan barcha kuzatuv kameralarini to‘liq o‘rnatish, mavjud texnik vositalarni “Qalqon” platformasiga ulash, ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda belgilangan 12 ta indikator bo‘yicha ishlarni to‘liq yakunlash yuzasidan qat’iy topshiriqlar berildi.
Shuningdek, aholi xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri bo‘lgan alkogol mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish, profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish va mahallalarda jamoatchilik nazoratini kengaytirish vazifalari belgilab olindi.

Muhokamalar davomida raqamli nazorat vositalari qanchalik muhim bo‘lmasin, xavfsiz muhitni ta’minlash avvalo mas’ul rahbarlarning tashabbuskorligi, mahalla faollarining fidoyiligi va aholining huquqiy madaniyatiga bog‘liq ekani alohida qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi nafaqat jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini pasaytirish, balki har bir mahallada odamlarning ertangi kunga ishonchi, xotirjamligi va osoyishta hayotini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri