Shohmirzo Umarov: “Har bir e’tirof inson zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi” (+video)
Joriy yilning 22-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida “Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat boshqaruvi tizimida yuqori natijalarga erishib, o‘zining kasbiy mahorati, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan ajralib turgan rahbar va mutaxassis xodimlar munosib e’tirof etildi.
Quvonarlisi, mazkur tanlovda “O‘zatom” agentligining Yadro energetikasi va yadro texnologiyalarini joriy etish bo‘limi bosh mutaxassisi Shohmirzo Umarov “Eng namunali mutaxassis xodim” sifatida e’tirof etildi.
Shohmirzo Umarov bilan suhbatimiz mazkur e’tirofning ahamiyati, uning bugungi faoliyati, amalga oshirayotgan loyihalari va kelgusidagi rejalari haqida bo‘ldi.
–“Sifatli davlat boshqaruvi” dasturi doirasida “Eng namunali mutaxassis xodim” deb topildingiz. Ushbu e’tirof zimmangizga qanday mas’uliyat yuklaydi?
– Bu e’tirof men uchun yuksak sharaf va ayni paytda katta mas’uliyatdir. Ushbu mukofotni faqat shaxsiy yutug‘im sifatida emas, balki birgalikda mehnat qilayotgan jamoamizning sa’y-harakatlariga berilgan baho sifatida qabul qilaman.
Har bir e’tirof inson zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Bu kabi ishonch insonni o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga, bilim va tajribasini oshirishga undaydi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda mazkur mukofotni qabul qilish men uchun unutilmas voqea bo‘ldi. Bu nafaqat shaxsiy faoliyatimga berilgan baho, balki mamlakatimizda yosh mutaxassislarga yaratilayotgan imkoniyatlar va bildirilayotgan ishonchning yorqin ifodasi.
– Hozirgi kunda “O‘zatom” agentligidagi faoliyatingiz hamda pedagogik yo‘nalishdagi ishlaringiz qay tarzda uyg‘unlashgan?
– Men “O‘zatom” agentligining Yadro energetikasi va yadro texnologiyalarini joriy etish bo‘limi bosh mutaxassisi sifatida faoliyat yuritaman. Asosiy vazifalarim mamlakatimizda yadro energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan strategik ahamiyatga ega loyihalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, ularni muvofiqlashtirish va amalga oshirish jarayonlarida ishtirok etishdan iborat.
Xususan, atom elektr stansiyasini mintaqamiz iqlim sharoitlariga moslashtirish bo‘yicha texnik yechimlarni ishlab chiqish, O‘zbekiston Respublikasining yadro tibbiyoti strategiyasini shakllantirish, milliy yadro tibbiyoti markazini tashkil etish hamda radiatsion sterilizatsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonlarida faol ishtirok etyapman.
Shuningdek, AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida kichik modulli reaktorlar texnologiyasidan mas’uliyatli foydalanish uchun zarur infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan dastur doirasidagi hamkorlik ishlarini muvofiqlashtirishda ham qatnashyapman.
Ta’limni kelajakka qo‘yilgan eng muhim sarmoya sifatida ko‘raman. Shu sababli, Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik-fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti filialida ham faoliyat olib boraman.
Hozirgi kunda talabalarga “Reaktor fizikasi”, “Neytronlar transporti nazariyasi”, “Python dasturlash”, “Ma’lumotlarni qayta ishlash” kabi fanlardan saboq berib kelyapman. Dars jarayonida ularda tahliliy fikrlashni rivojlantirish, murakkab masalalarga ilmiy yondashuvni shakllantirish hamda nazariyani amaliyot bilan bog‘lash ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qarataman.
Mamlakatimizda yadro texnologiyalari sohasida xalqaro darajada raqobatlasha oladigan malakali yosh olimlar va muhandislar maktabini shakllantirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
– Faoliyatingiz davomida qanday amaliy natijalarga erishdingiz?
– Eng muhim natijalardan biri atom elektr stansiyasi uchun quruq sovutish texnologiyasini qo‘llash bo‘yicha takliflarimiz bilan bog‘liq. O‘zbekistonning suv resurslari cheklanganini hisobga olgan holda, ushbu yechim atom elektr stansiyasida suv sarfini an’anaviy AESlarga nisbatan 10 baravargacha kamaytirish imkonini beradi. Ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda bunday yondashuv nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlaydi, balki O‘zbekistonni suv resurslaridan oqilona foydalanishga asoslangan zamonaviy atom energetikasi modelini joriy etayotgan ilg‘or davlatlar qatoriga olib chiqadi.
Shuningdek, yadro tibbiyoti strategiyasini ishlab chiqish jarayonida qator normativ-huquqiy hujjatlar va amaliy chora-tadbirlarni shakllantirish ishlarida ishtirok etdik. Bu esa kelajakda aholi uchun zamonaviy yadro tibbiyoti tashxis va davolash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va ularning ommabopligini ta’minlashga xizmat qiladi.
– Innovatsion yondashuvlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Innovatsiya - mavjud muammolarga yangicha yechim topish demak. Yadro energetikasi sohasida esa innovatsiyalar xavfsizlik, samaradorlik va resurslardan oqilona foydalanish bilan chambarchas bog‘liq.
Bugungi kunda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan faol foydalanishga harakat qilyapmiz. Masalan, “VVR-SM” tadqiqot reaktorining raqamli egizagini yaratish bo‘yicha ishlarni amalga oshirdik. Bu texnologiya turli jarayonlarni oldindan modellashtirish va optimallashtirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, yadro texnologiyalari haqida jamoatchilikning xabardorligini oshirishga ham e’tibor qaratyapmiz. Chunki bu kabi yirik loyihalarni amalga oshirishda aholi bilan ochiq muloqot va ishonch muhim ahamiyat kasb etadi.
– Kelgusi rejalaringiz qanday?
– Oldimizda turgan vazifalar juda ko‘p va ular izchil amalga oshirilishi zarur. Eng asosiy maqsadlardan biri - atom energiyasi va yadro texnologiyalarining imkoniyatlaridan mamlakatimiz rivoji uchun samarali foydalanish. Bu nafaqat atom energetikasini rivojlantirish, balki yadro texnologiyalarini tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, sanoat va ilmiy tadqiqotlar sohalariga keng joriy etishni ham nazarda tutadi.
Shuningdek, soha uchun yuqori malakali milliy kadrlarni tayyorlash, xalqaro darajada raqobatbardosh olimlar va muhandislar maktabini shakllantirish ham muhim vazifalarimizdan hisoblanadi. Kelgusida O‘zbekistonni atom energetikasi va yadro texnologiyalari sohasida mintaqaviy bilim va kompetensiyalar markaziga aylantirishda munosib hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qdstjXmRqxU" title="Shohmirzo Umarov: “Har bir e’tirof inson zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
suhbatlashdi.