Mahalliy Kengashlar faoliyati va ijtimoiy sohalardagi ishlar o‘rganildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi O. Qozixonova, Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi deputati D. Mehmonova hamda viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Sh. Karimov ishtirokida qator yo‘nalishlarda o‘rganish va sayyor qabul o‘tkazildi.
Dastlab, Xalq deputatlari Buvayda, Uchko‘prik, Dang‘ara tumanlari hamda Qo‘qon shahar Kengashlari kotibiyatlari faoliyati tanqidiy o‘rganildi. Jarayonda sessiyalarni tashkil etish, doimiy komissiyalar faoliyati, deputatlik so‘rovlari va murojaatlar bilan ishlash, deputatlik nazoratini ta’minlash hamda hujjatlar yuritilishi holati tahlil qilindi. Shuningdek, kotibiyatlardagi xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari va moddiy-texnik ta’minot darajasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘rganish yakunlarida faoliyat samaradorligini oshirish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berildi.
[gallery-29958]
Shuningdek, Farg‘ona shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida amalga oshirilayotgan mukammal ta’mirlash ishlari ham ko‘zdan kechirildi. Qiymati 12 milliard so‘mlik loyiha doirasida sinf xonalari, ma’muriy binolar hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, “Open byudjet” asosida barpo etilgan zamonaviy stadion loyihasi ham o‘rganilib, ushbu ob’ekt o‘quvchilar uchun sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirishi ta’kidlandi.
Senator O. Qozixonovaning Farg‘ona shahrida fuqarolar ishtirokida o‘tkazgan sayyor qabuli davomida sog‘liqni tiklash, imtiyozli kredit olish, xotin-qizlarning mehnat huquqlari, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandlik masalalariga oid murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularning aksariyatiga yechim topildi. Barcha murojaatlar nazoratga olindi.
Shuningdek, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasida senator ishtirokida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, bandlik va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Yoshlar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirib, fikr-mulohaza almashdi.
Yakunda barcha yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlar aholi, ayniqsa yoshlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA