Jahon chempionatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi
Joriy yilning 12–17-aprel kunlari poytaxtimizda joylashgan “Olimpiya shaharchasi”da taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Unda dunyoning 118 ta mamlakatidan jami 990 nafar taekvondo ustalari 20 ta vazn toifasida medallar uchun kurash olib boradi.
Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida mazkur nufuzli musobaqaga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Butunjahon taekvondo federatsiyasi rahbari Chungvon Choy, mamlakatimiz taekvondo assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov, keng sport jamoatchiligi va OAV vakillari ishtirok etdi.
Anjuman avvalida Adham Ikromov so‘zga chiqib, mamlakatimizda xalqaro sport tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish borasida to‘plangan tajriba, zamonaviy sport inshootlarining jahon talablariga mos ravishda barpo etilayotgani va ularda yaratilgan shart-sharoitlar tufayli O‘zbekistonga qit’a va jahon miqyosidagi musobaqalar mezbonligi ishonib topshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu jahon chempionati ham yuksak darajada tashkil etilayotgani alohida qayd etildi.
[gallery-28682]
Shundan so‘ng, Chungvon Choy mamlakatimizda so‘nggi yillarda taekvondo WT jadal rivojlanayotganini, turli yosh toifalarida iqtidorli sportchilar kamol topib, xalqaro maydonlarda O‘zbekiston nufuzini oshirayotganini e’tirof etdi. U, shuningdek, 2017-yilda Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda taekvondoni rivojlantirish masalalari muhokama qilinganini eslab o‘tdi. Bu islohotlarning amaliy samarasi sifatida Ulug‘bek Rashitovning Olimpiya o‘yinlaridagi g‘alabalari, shuningdek Svetlana Osipovaning yuksak natijalari tilga olindi.
Tadbir davomida tashkilotchilar tomonidan chempionat doirasida o‘tkaziladigan qator yirik tadbirlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, 10-aprel kuni “Olimpiya shaharchasi”da katta fleshmob va “World Taekwondo Performance” jamoasi ishtirokida shou dasturi tashkil etiladi. 11-aprel kuni Butunjahon taekvondo tashkilotining Bosh assambleyasi, 12-aprel kuni esa chempionatning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, 13-aprel kuni musobaqa doirasida II Olimpizm va tinchlik forumi tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Matbuot anjumani yakunida OAV vakillari tomonidan berilgan savollarga mutasaddilar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Almurod Mamadaminov (surat), O‘zA