Haziniy uy-muzeyidan fotoreportaj
Moziyga qaytib...
Uzoq va yaqin tariximiz hamda buyuk ajdodlarimiz hayotidan so‘zlovchi “Moziyga qaytib...” loyihamizning navbatdagi soni XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida o‘zbek adabiyotining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Haziniy uy-muzeyidan tayyorlandi.
“Hijron o‘tig‘a bag‘rim so‘zona tong otquncha,
O‘rtab yuragim, jismim biryona tong otquncha”
Haziniyning yuqoridagi misralar bilan boshlanuvchi mashhur “Farg‘ona tong otguncha” g‘azalini bilmagan yoki eshitmagan kishi bo‘lmasa kerak. Ma’lumotlarda bu g‘azal mustamlakachilik davridagi muhit sabab dunyoga kelgani, unda o‘z Vatani, o‘z ona shahriga sig‘magan ziyolilar iztirobi aks ettirilgani haqida aytilgan. Haziniyning qolgan barcha g‘azal va she’rlari ham xuddi shunday yurak dardi bilan bitilgan. U zamonasining xalqchil shoirlaridan edi.
[gallery-21140]
Ziyovuddin Doniyolxon o‘g‘li Haziniy 1867 yilda Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Katta Kenagas qishlog‘ida tug‘ilgan. Yosh Ziyovuddin boshlang‘ich maktabni o‘z qishlog‘ida tamomlagach, Qo‘qondagi Jome madrasasida Qur’on, tafsir, hadis, fiqh, kalom, adabiyot ilmlarini o‘zlashtirdi. Diniy mushohada va ijodda yetuk bo‘lgan Ziyovuddin Haziniy 1904 yilda shoir va hofiz sifatida shuhrat topdi. Xalq uni “Eshon buva”, “Haziniy to‘ra” nomlari bilan e’zozlay boshladi.
Haziniy XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr birinchi choragida o‘lkamizda murakkab tarixiy vaziyat hukm surgan bir davrda yashab ijod qildi. Bu davrda Qo‘qon, Xiva hamda Buxoro adabiy muhitida yangicha ma’rifatparvarlik yo‘nalishlarida asarlar yaratgan Ahmad Donish, Furqat, Ibrat, Komil kabi ijodkorlar o‘zbek adabiyotida yangi bir bosqichni boshlab berdi.
XX asrning dastlabki o‘n yilliklarida she’riyat ixlosmandlari orasida Ziyovuddin Haziniy shu qadar shuhrat qozonganki, birgina “Bayozi Haziniy” kitobi 1910-1913 yillar davomida 7 marta chop etilgan.
Haziniy she’riyatining eng muhim xususiyatlaridan biri xalq tili va diliga yaqin usulda ijod qilganligidir. Professor Abdurauf Fitrat esa Muqimiy va Furqat qatori Haziniy asarlarini ham “ko‘pchilikning tuyg‘u, zavqiga yoqib“ tushgan ijod namunasi sifatida e’tirof etadi. Uning adabiy merosi – to‘rt ming misra atrofida.
Shoirning xalq tili va diliga yaqin, ravon, mutaasir she’rlari ko‘plab hofizlar tomonidan xalq sayillarida, to‘ylarda va turli ma’rakalarda aytilgan. Uning “Yo hayot an nabiy” radifli g‘azali bilan aytilgan qo‘shiq Hamroqul qori ijrosida grammofon plastinkasiga ham yozib olingan. “Farg‘ona tong otguncha” qo‘shig‘iga Muxtorjon Murtazoyev kuy bastalagan. Haziniy ijodidagi pand-nasihatlar, o‘gitlar barkamol avlod tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Haziniy 1923 yilda vafot etgan bo‘lib, Kenagas qishlog‘idagi qabristonga dafn etilgan. Hozirda ushbu qabriston obodonlashtirilib, Haziniy qabri ustiga maqbara qurilgan.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shoir shaxsiyatiga ehtirom sifatida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, viloyat madaniyat boshqarmasi xodimlari tomonidan muzeyning ilmiy konsepsiyasi, muzey ekspozitsiyasining mavzuviy hamda muzey xodimlarining shtatlar jadvali ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, muzey ekspozitsiyasini badiiy bezash va muzey hududida obodonlashtirish ishlari olib borildi. Ushbu konsepsiyaga muvofiq, Haziniy davri va uning adabiy merosi bilan aloqador eksponatlar yig‘ilgan. Eksponatlarning aksar qismi Haziniy davri tarixi va madaniyati bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu buyumlar orqali XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi Qo‘qondagi madaniy hayot, adabiy muhit haqida ma’lumot olish mumkin.
Haziniy uy-muzeyi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 26 iyuldagi “Erkin Vohidov memorial muzeyi hamda Haziniy uy-muzeyi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan. Ayni kunda ushbu muzey Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi filiali sifatida faoliyat yuritmoqda.
– Haziniy bobomiz uy-muzeyiga tashrif buyuruvchilar soni yildan-yilga ortayotgani bizni juda quvontiryapti, – deydi muzey rahbari Nargiza Vahobova. – 2024 yilda 4 ming nafardan ortiq hamyurtimiz muzeyga tashrif buyurib, mumtoz adabiyotimiz yorqin vakilining hayoti va ijodi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash kerak, Haziniy uy-muzeyi XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi Qo‘qon adabiy muhiti, bu davrda yashab ijod etgan buyuk ajdodlarimiz haqida hikoya qilish bilan birga, yana ko‘p yillar xalqimizning ma’naviy olamini boyitishga xizmat qiladi. Shunday ekan, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi Kenagas qishlog‘ida joylashgan ushbu maskanga albatta tashrif buyuring.
“Moziyga qaytib...” loyihasining avvalgi sonlarida uzatilgan fotoreportajlarni qo‘yidagi havolalar (https://uza.uz/posts/584824) (https://uza.uz/posts/591857) (https://uza.uz/posts/598274) (https://uza.uz/posts/17760) orqali ko‘rishingiz mumkin.
Kamola YUSUPOVA,
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA