Tibbiy ta’limda xalqaro standartlar va innovatsion strategik hamkorlik
Bugungi globallashuv davrida tibbiyot va farmatsevtika sohasini yuqori malakali kadrlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish va mahalliy farmatsevtika sanoatini jahon bozoriga olib chiqish yo‘lida xalqaro hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi islohotlarning uzviy davomi sifatida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Farmatsevtika texnik universiteti rahbariyatining Buyuk britaniyalik ekspert Devid Sheppard bilan o‘tkazilgan onlayn muloqoti muhim strategik ahamiyat kasb etdi.
Muloqotning asosiy diqqat markazida O‘zbekistonda tibbiy va farmatsevtika ta’limini xalqaro andozalar darajasiga ko‘tarish, sohaga ilg‘or xorijiy tajribani tatbiq etish masalalari turdi. Ta’kidlanganidek, tibbiy ta’lim nafaqat nazariy bilim, balki yuqori texnologiyalarga asoslangan amaliy ko‘nikmalarni ham talab etadi. Bu borada Britaniyaning tibbiyot sohasidagi ko‘p asrlik maktabi va ta’lim dasturlarini mahalliy tizim bilan uyg‘unlashtirish asosiy vazifa etib belgilandi.
Uchrashuv davomida akademik hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, ikki tomonlama diplom berish tizimini yo‘lga qo‘yish va qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish orqali talabalarning xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish mumkinligi e’tirof etildi. Shuningdek, o‘qitish jarayoniga innovatsion yondashuvlarni kiritish, laboratoriya tadqiqotlarini zamonaviy metodikalar asosida tashkil etish va professor-o‘qituvchilarning xorijda malaka oshirishini tizimli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlar bilan ta’lim sohasidagi yaqin hamkorlik O‘zbekiston tibbiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bunday maqsadli muloqotlar nafaqat soha mutaxassislarini tayyorlash sifatini yaxshilaydi, balki yurtimizda farmatsevtika tarmog‘ining ilmiy salohiyatini oshirishga va aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat darajasini xalqaro mezonlarga moslashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur hamkorlikning amaliy natijalari kelgusida tibbiyot sohasida kadrlar tanqisligini bartaraf etish va yuqori texnologik davolash usullarini keng yoyishda o‘z ifodasini topadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA