Chempionat Zominda o‘tkazildi
Jizzax viloyatining Zomin tumanida o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbek jang san’ati bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Sport vazirligi hamda Respublika O‘zbek jang san’ati federatsiyasining yillik taqvim rejasidan joy olgan mazkur mamlakat chempionatida 1200 nafar sportchi "Temuriylar bellashuvi", "Qilich-qalqon", "Kamondan o‘q uzish" hamda "Nayza uloqtirish" yo‘nalishlarida o‘zaro kuch sinashishdi.

Zomin tumanining go‘zal tabiati qo‘ynida o‘tgan musobaqaning dastlabki kun bellashuvlarida 700 nafarga yaqin o‘smir va yoshlar har bir yo‘nalishda 8 tadan vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi.
Qiziqarli o‘tgan uchrashuvlarning birinchi kunida eng munosib deb topilgan yosh atletlar g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olishdi.
Musobaqaning ikkinchi kunida kattalar o‘rtasidagi "Temuriylar bellashuvi", "Qilich-qalqon", "Kamondan o‘q uzish", "Nayza uloqtirish", "Ot choptirish", "Ot ustida kamondan o‘q uzish", "Ot ustida qovoq kesish" yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar ham murosasiz va shiddatli tarzda davom etdi.

Belgilangan har bir yo‘nalishda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan sportchilar shohsupaga ko‘tarilib, diplom va medallar bilan taqdirlanishdi.
Chempionatning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni Toshkent viloyati jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Andijon jamoasi egalladi. Ikkita uchinchi o‘rin esa Jizzax va namanganlik atletlarga nasib etdi.
N. Rahmonova, O‘zA