“C5+1”: O‘zbekiston tomoni qanday tashabbuslarni ilgari surdi?
Bugun Samarqand shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Amerika Qo‘shma Shtatlarini birlashtirgan “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘inda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, uzoq muddatli investitsiyalarni jalb etish, transport, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov “C5+1” doirasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, mintaqaning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatidan samarali foydalanish hamda o‘zaro sheriklikni aniq amaliy natijalar bilan boyitishga qaratilgan qator takliflarni ilgari surdi.
– Bugun biz “C5+1” sherikligiga yangi strategik mazmun berish imkoniyatiga egamiz. Hamkorligimizning keyingi bosqichi nafaqat ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishga, balki Markaziy Osiyoning yaxlit va yangi imkoniyatlarga boy mintaqa sifatidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilishi lozim, – dedi u.

Vazirning qayd etishicha, bugun Markaziy Osiyo tobora jipslashib, o‘z taraqqiyot yo‘lini mustaqil belgilash va xalqaro jarayonlarda faol ishtirok etish salohiyatini mustahkamlamoqda. Shu nuqtai nazardan, “C5+1” formatidagi hamkorlikning navbatdagi bosqichida mintaqaning mavjud imkoniyatlarini birlashtirish, iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirish, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish hamda jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi lozim.
Xususan, O‘zbekiston tomoni muhim minerallar sohasida strategik sheriklikni rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur taklif geologik qidiruv ishlaridan boshlab mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash va mahalliy sanoat klasterlarini tashkil etishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladi.

– Ustuvor yo‘nalishlarimizdan biri sifatida muhim minerallar sohasida geologik qidiruv va mineral xomashyoni qayta ishlashdan tortib, mahalliy sanoat klasterlarini tashkil etishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oluvchi strategik sheriklikni rivojlantirishni taklif etamiz, – dedi B.Saidov.
Mamlakatimiz tashqi siyosati idorasi rahbarining ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoning boy tabiiy resurslari, o‘sib borayotgan bozorlari, inson kapitali va qulay strategik geografik joylashuvini AQSHning ilg‘or texnologiyalari, investitsiyaviy kapitali hamda tadbirkorlik tajribasi bilan uyg‘unlashtirish muhim ahamiyatga ega.

Shu bois, O‘zbekiston tomoni mazkur imkoniyatlardan birgalikda foydalanish orqali uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni shakllantirish zarurligini qayd etdi. Bunday yondashuv mineral resurslarni o‘zlashtirish bilan cheklanib qolmasdan, ularni qayta ishlash va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga ham qaratilgan. Shuningdek, O‘zbekiston “C5+1” Kotibiyatidagi hamraislikni qabul qilib, hamkorlik doirasida erishilgan kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirishga tayyorligini bildirdi. Bu borada mavjud tashabbuslarni izchil davom ettirish, hamkorlik mexanizmlarining uzviyligini ta’minlash va belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilishi aytildi.
– Bizning umumiy vazifamiz – ushbu ustunliklarni birlashtirib, xalqlarimizga aniq manfaat keltiradigan uzoq muddatli sheriklikni barpo etishdir, – dedi vazirimiz.

Uchrashuvda Baxtiyor Saidov AQSH Davlat kotibi Marko Rubioni O‘zbekistonga ilk tashrifi bilan qutlab, uning va jamoasining ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan Markaziy Osiyoga va mintaqa bilan hamkorlikning kengayib borayotgan imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Vazir O‘zbekiston va AQSH Prezidentlari o‘rtasida shakllangan do‘stona va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochganini ta’kidladi.

E’tiborlisi, bugungi uchrashuvning aynan Samarqand shahrida o‘tkazilishi ham ramziy ahamiyatga ega. Zero, 2015-yilda “C5+1” formatidagi ilk vazirlar uchrashuvi ham shu yerda tashkil etilgan edi. O‘tgan davr mobaynida mazkur muloqot mexanizmining kun tartibi kengayib, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari shakllandi.
B.Saidov o‘z nutqida Samarqand asrlar davomida xalqlar, bozorlar, bilim va g‘oyalarni o‘zaro bog‘lab kelganini tilga olib, bugungi muloqot ham Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi aloqalarni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Umuman, Samarqandda ilgari surilgan takliflar “C5+1” formatidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitish, muhim minerallar sohasida strategik sheriklikni rivojlantirish, investitsiya va texnologiyalar almashinuvini kengaytirish hamda mintaqaning iqtisodiy imkoniyatlarini to‘liqroq ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘tkir ALIMOV,
O‘zA