Zelenskiy Trampning energetika bo‘yicha sulh taklifiga javob berdi (+video)
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH taklif qilgan Ukraina va Rossiyaning energetika infratuzilmasi ob’ektlariga hujum qilishni to‘xtatish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi, deb xabar berdi DW .
Zelenskiy 14-sentabr kuni ukrainaliklarga qilgan videomurojaatida Kiyev keskinlikni pasaytirish uchun faqat AQSH Rossiyani urushni to‘xtatishga haqiqatan ham tayyor holatga keltira olishiga ishonch hosil qilganidan keyin bunday shartga qadam tashlashini ma’lum qildi.
«Hozir AQSH tomonidan muhim infratuzilma ob’ektlariga o‘zaro hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha jiddiy taklif bor. Agar bu keskinlikni pasaytirishdagi birinchi qadam bo‘lishi mumkin bo‘lsa, ya’ni Rossiyaning bizning muhim infratuzilmamizga hujumlarini va Ukraina tomonidan berilayotgan javob zarbalarini to‘xtatish nazarda tutilsa, Ukraina bunday qadamni qo‘llab-quvvatlashga tayyor», — dedi Zelenskiy.
«Bizga kuchli va adolatli qaror kerak. Bu vaqtinchalik emas, uzoq muddatga mo‘ljallangan bo‘lishi lozim. Hamkorlarimizdan aniq takliflarni kutyapmiz», — dedi Vladimir Zelenskiy.
AQSH prezidenti Donald Tramp ijtimoiy tarmoqda Rossiya va Ukraina bir-birining energetika infratuzilmasiga hujum qilishni to‘xtatishga kelishganini yozgan edi.
Tramp dizel yoqilg‘isi narxining dunyo bo‘ylab oshishini asosan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush bilan bog‘ladi. U bu holatni AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaro bilan bog‘lash noto‘g‘ri ekanini aytdi.
Rossiya hukumati hozircha Oq uy rahbarining bu bayonotiga rasmiy munosabat bildirmadi.
Financial Times gazetasi Kreml pozitsiyasidan xabardor manbalarga tayanib yozishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin qish kelguniga qadar Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatmoqchi emas. Putinning fikricha, energetika ob’ektlariga hujumlarni davom ettirish Kiyevga bosimni kuchaytirishi va Ukrainani yon berishga majbur qilishi mumkin.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, O‘zA