Ukraina dengiz eksportini tiklashga intilmoqda
Ukraina Qora dengizda fuqarolik yuk tashishni qayta tiklash bo‘yicha Turkiya, Misr va Hindiston bilan muzokaralar olib bormoqda.
- Bir kema bizning portimizga, ikkinchisi Rossiya portiga boradi va biz ularning birortasiga ham hujum qilmaslikka rozi bo‘lamiz, -dedi Zelenskiy “Bloomberg” nashriga bergan intervyusida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, RF turk, hind va misrlik vositachilarning muntazam qo‘ng‘iroqlariga qaramay, bu rejaga qarshi chiqmoqda.
Qora dengiz portlari Ukraina qishloq xo‘jaligi eksportining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi. Ular orqali yiliga taxminan 36 million tonna don jo‘natilishi mumkin. Avgust oyidan beri Rossiyaning portlar va kemalarga hujumlari tufayli dengiz orqali eksport to‘xtatilgan.
- Biz temir yo‘l yuklarining bu hajmini ko‘tara olmaymiz, -deb ta’kidladi Zelenskiy.
Mamlakat Agrar siyosati vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina hozirda odatiy hajmning atigi 38 foizini eksport qila oladi. O‘lka shuningdek, Yevropa Ittifoqidan “Birdamlik yo‘llari” dasturini yangilashni so‘ramoqda.
S.Rahimov, O‘zA