“Sinxua”: Yevroosiyo bo‘ylab "po‘lat karvonlar" harakati kengaymoqda
Xitoyning Shenyan shahridan Moskva tomon yo‘lga chiqqan navbatdagi yuk poyezdi “Xitoy-Yevropa” temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha tarixiy marrani zabt etdi, deb xabar bermoqda “Sinxua” axborot agentligi.
Ta’kidlanishicha, 2011-yildan beri amalga oshirilgan umumiy qatnovlar soni 140 mingtadan oshib, tashilgan yuklarning umumiy qiymati 560 milliard AQSH dollaridan ortgan. Mazkur loyiha 2016-yilda yagona “China Railway Express” brendi ostida birlashtirilganidan buyon o‘tgan o‘n yil ichida shiddat bilan rivojlandi.
Milliy taraqqiyot va islohotlar komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, yillik qatnovlar soni 2016-yildagi 1 702 tadan 2025-yilga kelib 20 022 taga yetdi. Bu har yili o‘rtacha 30 foizdan ziyod o‘sish demakdir. Hozirda atigi bir oydagi yuk hajmi 2016-yildagi butun yillik ko‘rsatkichga teng keladi.
“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining eng yirik va muhim loyihasi hisoblangan ushbu “po‘lat karvonlar” Yevroosiyo qit’asi bo‘ylab ulkan logistika tarmog‘ini barpo etdi.
“Xitoy davlat temir yo‘llari” xabariga ko‘ra, XXR ichida soatiga 120 km tezlikda harakatlanuvchi 96 ta muntazam yo‘nalish 132 ta shaharni birlashtiradi.
O‘lka tashqarisida esa shimoliy, markaziy va janubiy yo‘nalishlar orqali Yevropaning 26 ta davlatidagi 237 ta shaharga hamda Osiyoning 12 ta mamlakatidagi 100 dan ortiq shaharga xizmat ko‘rsatilmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA