Zelenskiy: Janglarni hozirgi front chizig‘ida to‘xtatish – tinchlik sari eng real qadam
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan nizoni to‘xtatishning eng real yo‘li sifatida hozirgi front chizig‘ida janglarni to‘xtatishni taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, bu o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarga yo‘l ochishi mumkin.
Zelenskiy “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Kiyev muzokaralarning istalgan shakliga tayyorligi, biroq Ukraina taqdiriga oid kelishuvlar mamlakat ishtirokisiz muhokama qilinmasligi kerakligini bildirdi.
U har qanday tinchlik kelishuvi AQSH va Yevropadagi hamkorlar tomonidan xavfsizlik kafolatlari bilan ta’minlanishi zarurligini aytdi. Bu kafolatlar kelajakda bosqin va hujumlar takrorlanishining oldini olishga xizmat qilishi kerak.
Bayonot AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff Sankt-Peterburgda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazgan paytda yangradi. Shu bilan birga, Kiyev Ukraina harbiylari foydalanadigan “SpaceX”ning “Starshield” va “Starlink” sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatlaridagi cheklovlardan xavotir bildirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA