Zamonaviy shaharsozlik loyihalari — taraqqiyot poydevori
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatidagi “Ta’mirloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish va shaharsozlik sohasidagi yirik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.
1995-yilda tashkil etilgan korxona bugungi kunda mamlakatimizning turli hududlarida bosh reja, master-reja, loyiha-smeta hujjatlari hamda zamonaviy arxitektura yechimlarini ishlab chiqmoqda.
Jumladan, 2024-yilda “Termiz” erkin iqtisodiy zonasining kengaytirilgan hududi bosh rejasi ishlab chiqildi. Denov tumanidagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomli mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 14 gektar maydon uchun master-reja tayyorlandi.
[gallery-30823]
Tashkilot mutaxassislari “Tashkent City” hududidagi “O‘zsanoatqurilishbank” ma’muriy binosining 13-15-qavatlarini ta’mirlash uchun interer dizayn va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqqan. O‘zbekiston Milliy banki xizmatlar markazi binosi uchun tashqi va ichki dizayn hamda loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, mualliflik nazoratini amalga oshirish ishlari ham bajarilgan.
Ayni paytda korxonada qariyb 30 nafar xodim mehnat qilmoqda. Loyihalash jarayonida raqamli modellashtirish, 3D vizualizatsiya va BIM texnologiyalaridan foydalanilmoqda.
Zamonaviy yondashuvlar loyihalarni sifatli va tezkor ishlab chiqish, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda aholi uchun qulay muhit yaratish imkonini bermoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA