“Keyin to‘layman” davri tugaydi: avtobuslarda yangi tartib
2026-yil 1-sentabrdan boshlab brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan barcha shahar avtobuslarida to‘lov qoidalari qat’iylashadi.
Yangi tartibga ko‘ra, yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilan yo‘lkira haqini to‘lashlari shart.
Yo‘lkira haqi transport yoki ijtimoiy kartani validatorga tekkizish, shuningdek, bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz to‘lov vositalari orqali to‘lanadi. Agar yo‘lovchi avtobusga chiqish vaqtida yo‘lkira haqini to‘lamasa yoki imtiyozga ega ekanini tasdiqlamasa, u chiptasiz harakatlanayotgan deb hisoblanadi va bu jarimaga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, tizimda NFC, QR, biometrik to‘lov kabi texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlari ham nazarda tutilgan.
Yangi tartibning asosiy maqsadi — yo‘lkira to‘lovini aniq hisobga olish, naqd pulga bog‘liqlikni kamaytirish va jamoat transportida elektron to‘lov madaniyatini kuchaytirishdan iborat.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA