OKMKda xalqaro standartlarga mos chiqindi ombori barpo etilmoqda
Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 16-mart kuni rasman faoliyatiga start berilgan 3-Mis boyitish fabrikasining eng yirik infratuzilma ob’ekti — xalqaro standartlarga mos boyitish qoldiqlari omborini qurish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Ayni paytda qurilish maydonida 3 ta pudrat tashkiloti, 300 ga yaqin maxsus texnika vositalari hamda malakali mutaxassislar kunu tun, uzluksiz mehnat qilayotgan bo‘lib, umumiy qurilish ishlarning qariyb 60 foizi muvaffaqiyatli bajarib bo‘lindi.
Qurilish sifati har bir bosqichda qat’iy nazorat qilinmoqda. Har bir bajarilgan qatlam avvalo geodezik o‘lchovlar orqali loyihaviy belgilarga muvofiqligi bo‘yicha tekshiriladi. Shundan keyin laboratoriya mutaxassislari tomonidan namunalar olinib, ularning zichligi, namligi hamda boshqa texnik ko‘rsatkichlari loyiha talablari asosida sinovdan o‘tkaziladi. Bu qurilayotgan inshootning mustahkamligi, xavfsizligi va uzoq muddatli ishonchli ekspluatatsiyasini ta’minlaydi.
Umumiy maydoni 2800 gektarni (1-xarita 1420 gektar, 2-xarita 1380 gektar) tashkil etuvchi ushbu ulkan majmua yiliga 59 million tonnadan ortiq texnologik chiqindilarni xavfsiz va tizimli qabul qilish quvvatiga ega.
Jarayon shundan iboratki, flotatsiya jarayonidan so‘ng hosil bo‘ladigan qoldiqlar qariyb 9 kilometr uzunlikdagi maxsus gidrotransport tizimi orqali omborga uzatiladi.
Loyihada ekologik xavfsizlik va resurs tejamkorligi ustuvor vazifa etib belgilangan bo‘lib, kombinat amaliyotida ilk bora suzuvchi nasos stansiyalari qo‘llanilmoqda.
Ushbu texnologiyalar va maxsus chuqur quduqlar tizimi orqali tindirilgan hamda filtratsiyalangan suvlar qayta texnologik jarayonga yo‘naltirilib, tabiiy suv iste’moli keskin tejaladi va yer osti suvlari ifloslanishining oldi olinadi. Bundan tashqari, ombor uchastkalari yuqori mustahkamlikka ega geomembrana qoplamasi bilan himoyalanib, barcha texnologik ma’lumotlar markaziy dispetcherlik boshqaruv tizimida tezkor tahlil qilib boriladi.
Mazkur ob’ekt 3-MBFning uzoq muddatli barqaror faoliyatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.