Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish borasida qanday ishlar olib borilmoqda?
Aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod ongu-shuurida tabiatga mehr uyg‘otish bugunning eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Xo‘sh, bu borada qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi A.Abduhakimovning “2030-yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga javobi ko‘rib chiqildi.
So‘rov javobiga ko‘ra, Konsepsiya ijrosini ta’minlash maqsadida ta’lim muassasalari, mahallalar, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarda tabiatni asrab-avaylash va ekologik tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan mavzular va amaliy mashg‘ulotlar o‘tish kengaytirildi.
Tarbiyalanuvchilarning qo‘l mehnati buyumlari, chizmalari va tabiiy materiallardan tayyorlangan ijodiy ishlari asosida “Ekologik burchaklar” hamda “Ekologik yo‘lakchalar” tashkil etildi. Ularda olib borilayotgan mashg‘ulotlar, kuzatuv ishlari va sayrlar davomida tarbiyalanuvchilarga atrof-muhit, o‘simlik va hayvonot dunyosi haqida dastlabki tushunchalar berish tizimli yo‘lga qo‘yildi. Respublikadagi 7 mingga yaqin maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi 1,6 mln.dan ortiq tarbiyalanuvchilar ekologik ta’lim-tarbiyani shakllantirishga qaratilgan tadbirlar bilan qamrab olindi.
10 mingdan ortiq maktab o‘quvchilari o‘rtasida ekologik ta’lim-tarbiyani tubdan mustahkamlash va ekologik madaniyatni yuksaltirish maqsadida “Tabiatni asrashda mening hissam” turkumidagi tadbirlar tashkil etildi. Mazkur tashabbus doirasidagi amaliy va targ‘ibot tadbirlariga esa 1 mln. 650 ming nafarga yaqin o‘quvchi jalb qilindi.
2025/2026 o‘quv yili uchun tegishli kasbiy ta’lim yo‘nalishlariga mos kasblarda “Amaliy ekologiya”, “Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi”, “Ekologiya huquqi va boshqaruvi”, “Alohida muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar ekologiyasi” fanlari joriy etilgan. Shuningdek, 200 tadan ortiq oliy ta’lim muassasalari talabalarini ixtiyoriylik asosida birlashtiruvchi “O‘zbekiston ekovolontyor talabalar harakati” tashkil etilgan.
Kasbiy va oliy ta’lim muassasalarida "Yashil qahramon", "Yashil makon", "O‘zbekiston ekovolontyor talabalar harakati" kabi loyihalar amalga oshirilib, ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan yangi tashabbuslar yo‘lga qo‘yilgan.
4 ming 500 dan ziyod mahallada “Mahallani chiqindidan xoli hududga aylantiramiz” mavzusida aksiyalar, ekologiyaga oid qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini yetkazishga oid targ‘ibot tadbirlari, ekologiya to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining har qanday buzilishiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan tashviqot tadbirlari o‘tkazilgan.
Parlament so‘roviga javobda aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni keng targ‘ib qilish, davlat xizmatchilari va mutaxassislar malakasini oshirish, xalqaro ekologik tadbirlar va ko‘rgazmalarni tashkil etish, mahallalarda ekologik targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda ekologik qonunchilik ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumot berilgan.
Majlisda mazkur konsepsiyada 2030-yilgacha aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha belgilangan vazifalardan kelib chiqib, uning ijrosi parlamentning doimiy nazoratida bo‘lishi qayd etildi.
M.Komilova, O‘zA