Zamonaviy baholash tizimi joriy etilmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sohasini tubdan takomillashtirish, yoshlarga sifatli va zamonaviy bilim berish, ularning bilim va ko‘nikmalarini xolis baholashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda ta’lim sifatini baholashning zamonaviy va samarali usullarini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Navoiy viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ham mezonlarga asoslangan baholash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
– Zamonaviy ta’limda o‘quvchini faqat natijaga qarab baholash emas, balki uning bilimni o‘zlashtirish jarayoni, mustaqil fikrlashi, amaliy ko‘nikmalari va ijodiy yondashuvini ham hisobga olish muhim, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova. – Mezonlarga asoslangan baholash ana shu talablarga javob beradigan tizimlardan biridir. 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab viloyatdagi yana 51 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida mezonlarga asoslangan baholash tizimi joriy etiladi. Natijada mazkur tizim joriy etilgan maktablar soni 201 taga yetadi. Mazkur tizimning ahamiyati shundaki, unda o‘quvchining bilimi shunchaki baho bilan emas, balki aniq belgilangan mezonlar asosida baholanadi. Bu esa o‘quvchining qaysi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirgani, qaysi yo‘nalishlarda esa yanada ishlashi zarurligini aniq ko‘rsatib beradi.
Mezonlarga asoslangan baholash, avvalo, ta’lim jarayonida xolislik, shaffoflik va adolatni ta’minlashga xizmat qiladi. O‘quvchi uchun esa o‘z natijalarini anglash, kamchiliklarini bartaraf etish va o‘z ustida muntazam ishlash imkoniyatini yaratadi.
Ushbu baholash tizimi 2023/2024 o‘quv yilida 20 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida joriy etilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib esa viloyatdagi jami 367 ta umumta’lim maktabining 55 foizida ushbu tizimdan foydalanilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri