Orzu va umidlar ro‘yobi
Inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi.
Toshkent viloyatida ham bu boradagi ezgu ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushgan, turli sabablarga ko‘ra uy-joyga muhtoj bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi viloyat faollari, nuroniylar, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi vakillari, tuman va shahar hokimlari hamda saxovatpesha tadbirkorlar Zangiota ziyoratgohida jam bo‘ldi.
Dastlab muqaddas ziyoratgoh ziyorat qilinib, o‘tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi. Xayrli niyatlar bilan jonliq so‘yilib, duolar qilindi. Shundan so‘ng inson qadri va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ezgu tashabbuslar davom ettirildi.
Ta’kidlash lozimki, Toshkent viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning og‘ir sharoitini yengillashtirish va hayotida yangi sahifa ochishga qaratilgan xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbus doirasida og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan bir qator oilalar uchun yangi uy-joylar barpo etilib, ularga xonadon kalitlari tantanali ravishda topshirildi.

Yangi xonadon sohiblari uchun bu kun, shubhasiz, hayotdagi eng quvonchli va unutilmas kunlardan biri bo‘ldi. Endi ular o‘z uyining ostonasidan xotirjamlik va umid bilan qadam qo‘yadi. Oilalar yangi xonadonda farzandlari bilan farovon hayot kechirish, kelajakka ishonch bilan intilish imkoniga ega bo‘ladi. Ular o‘zlariga ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, ayniqsa, xonadonli bo‘lishiga ko‘maklashgan saxovatpesha tadbirkorlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Aslida viloyatda bunday xayrli ishlar birgina bayram arafasidagi tadbirlar bilan cheklanmaydi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va manzilli hal etish, og‘ir vaziyatga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda davlat va jamoat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, mutasaddi idoralar hamda tadbirkorlik sub’ektlarining o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, saxovatpesha tadbirkorlarning tashabbuslari ehtiyojmand oilalar hayotida muhim o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.
Zero, xonadon – inson uchun shunchaki yashash joyi emas. U oila tinchligi, farzandlar kamoli, orzu va umidlar ro‘yobga chiqadigan maskandir. Shu ma’noda, og‘ir sharoitda yashayotgan oilalarga uy-joy topshirilishi ularga nafaqat moddiy ko‘mak, balki kelajakka bo‘lgan ishonch, ertangi kunga umid bag‘ishlaydi.
A.Musayev,O‘zA