Ijtimoiy tarmoqda yashirin reklama uchun javobgarlik borligini bilasizmi?
Bugun ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Kundalik yangiliklar, turli tavsiyalar, mahsulot va xizmatlar haqidagi ma’lumotlarni aynan ijtimoiy tarmoqlar orqali olyapmiz.
Shu bilan birga, tadbirkorlar va reklama beruvchilar ham o‘z mahsulot va xizmatlarini keng auditoriyaga yetkazish uchun blogerlar, kanallar va boshqa ommabop platformalardan tobora ko‘proq foydalanmoqda.
Biroq reklama oddiy axborotdan farqli ravishda qonunchilikda belgilangan talablar asosida joylashtirilishi kerak. Ayniqsa, foydalanuvchi ko‘rayotgan material reklama ekanini aniq bilishi muhim.
Shu sababli ijtimoiy tarmoqda post, video yoki boshqa material joylashtirayotganda “bu reklama ekanini ko‘rsatish kerakmi?” degan savolga e’tibor qaratish lozim.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunda reklamani tarqatish va identifikatsiya qilishga oid talablar belgilangan.
Har qanday reklama vositalaridan foydalangan holda tarqatiladigan, mazmuni O‘zbekiston hududida bo‘lgan reklamadan foydalanuvchilarga qaratilgan va reklama ob’ektiga e’tiborni jalb qilish, unga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uni bozorda bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot – reklama hisoblanadi (Qonunning 5-moddasi).
Reklamani boshqa axborotdan “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” belgisi bilan ajratgan holda joylashtirish lozim. Shuningdek, tahliliy maqolalar, sharhlar, fikrlar, mulohazalardan tijorat maqsadi ko‘zlangan bo‘lsa, ularni ham reklama sifatida belgilab, aniq ko‘rsatish talab etiladi.
Ammo ba’zi holatlarda axborot tarqatishda suiiste’molliklarga yo‘l qo‘yilib, oddiy axborot materialidan reklama axborotini ajratib turuvchi “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” belgisi ko‘rsatilmayapti. Bu esa reklama identifikatsiyasiga oid talablarning buzilishiga olib kelishi mumkin.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tgan vaqt davomida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan 20 dan ortiq ijtimoiy tarmoqlarda tashkil qilingan guruh va kanal ma’murlari (adminlari), bloger, vayner va boshqa tarmoq faollariga tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan.
Raqobat qo‘mitasi barcha OAVlar, ijtimoiy tarmoqlarda tashkil qilingan guruh va kanal ma’murlari (adminlari), bloger, vayner va boshqa tarmoq faollarini keng jamoatchilikka axborotlarni tayyorlash va tarqatishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish lozimligini eslatib o‘tdi hamda yuqoridagi kabi qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda chora ko‘rilishi bo‘yicha ogohlantirdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA