“Qora dori – 2026” profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda
Navbahor tumanida Navoiy viloyati IIB va Bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamkorligida “Qora dori – 2026” keng qamrovli tezkor profilaktik tadbiri o‘tkazildi.
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaroning yashash xonadoni tomorqasidagi anor daraxtlari va makkajo‘xori poyasi orasida yetishtirilayotgan balandligi 1,5-2,5 metr bo‘lgan 32 tup “kannabis” giyohvandlik o‘simligi aniqlandi.
Bundan tashqari, xonadonning omborxona va tandirxona qismida 423,4 gramm marixuana giyohvandlik moddasi hamda 9,15 gramm ko‘knor boshog‘i kelgusida sotish maqsadini ko‘zlab saqlab kelingani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri