Yurtimizga yana kuz keldi...
Tong otishiga hali biroz vaqt bor. Tashqarida esayotgan yengil shabada derazadan asta xonaga kirishga harakat qildi chog‘i, oppoq, o‘ynoqi gulli pardani asta qimirlatdi. Shu onda hovlidagi xurmo daraxtlariga kuzning ilk yomg‘ir tomchilari tushayotgani sezildi.
O‘lkamizga kuz keldi. Bulutli osmon, yoqimli shabada, ko‘kdan tushayotgan yomg‘ir tomchilari va ona zamindan taralayotgan yoqimli ifor – bularning barchasi kuzdan darak bermoqda.
Yozning jazirama kunlari ortda qoldi.
Yurtimizda har bir faslning o‘z o‘rni va o‘z tarovati bor. Kuz – bu to‘kinlik fasli. Bobodehqon, mirishkor bog‘bon uchun eng sog‘inchli payt. Yil davomida qilingan peshona teri evaziga yetishtirilgan hosilning natijasini ko‘rish va undan zavq olish fasli bu.
Kuz fasliga ta’riflar juda bisyor va ular orasida eng o‘rinlisi “oltin kuz“ deb atalishidir. Kuzda jamiki borliq oltin tusga kiradi. Bunda o‘zgacha hikmat bor. Bu ranglarda ulg‘ayish, salobat va donolik yashiringan.
Bu davrda har bir inson ortda qolgan kunlariga nazar tashlaydi. Nimalarga erishdi, nimalarga ulgurmadi – barchasini birma-bir xayolidan o‘tkazib, xulosa qiladi. Kelajak niyatlar, orzular va ulkan rejalarni oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Kuz – insonni sergaklikka chorlovchi, mudroq yuraklarni hushyorlikka undovchi fasl.
Kuz barchaga birdek ilhom beruvchi faslligi bilan ham sog‘inchli. Bu faslda shoir go‘zal misralar bitadi, rassom tabiatning bor go‘zalligini bo‘yoqlarda tasvirlaydi, san’atkor betakror ohanglar bilan borliqqa jar soladi, dunyoga kelgan chaqaloq esa hayot davomiyligidan darak beradi.
Yangi tong otdi. Bu kuzning ilk kunlaridagi tong. Yozning jaziramasidan toliqqan ona zamindagi har bir nabotot kuz yomg‘iriga bor bag‘rini ochdi. Ko‘kdan tushayotgan har bir tomchida hayot qo‘shig‘i bor. Bu – rizq, bu – hayot davomiyligi, bu – kelajakka umid, bu – g‘uborlarni yuvib ketuvchi obirahmat.
Oltin kuz, yurtimga xush kelding!
Umidlar, orzular sen bilan yanada yorqin va huzurli bo‘lsin!
Asror Sulaymonov,
O‘zA