Yangi ta’lim maskanlari — yangi imkoniyatlar
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani shakllantirish, aholi uchun munosib sharoit yaratish va hududlar qiyofasini yangilashga xizmat qilmoqda. Surxondaryo viloyatida 2002-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Lochin” xususiy korxonasi ham bu jarayonga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Korxonaga qurilish sohasi mutaxassisi Bahodir Valiyev rahbarlik qiladi. Uning asosiy faoliyati maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarini barpo etish bilan bog‘liq.
Xususan, 2024-yilda 5 ta – 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 3 ta maktab, 2025-yilda esa 4 ta – 3 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 1 ta maktab qurilib, foydalanishga topshirildi. Ayni paytda yana 2 ta maktab qurilishi davom etmoqda. Bu loyihalar nafaqat zamonaviy binolar, balki yuzlab o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar uchun qulay ta’lim muhitini yaratishga xizmat qilayotir.
[gallery-31237]
Korxonada doimiy shtatda 15 nafardan ziyod xodim mehnat qiladi. Qurilish mavsumida esa ish hajmiga qarab 100 dan ziyod mutaxassis ish bilan ta’minlanadi. Tajribali jamoa bilan bir qatorda korxonaning zamonaviy qurilish texnikalari va moddiy-texnik bazasi ham loyihalarni sifatli amalga oshirish imkonini bermoqda.
Korxonaning asosiy buyurtmachilaridan biri Surxondaryo viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK injiniring kompaniyasi hisoblanadi. Hamkorlik doirasida hududdagi ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlarni barpo etish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Har bir bunyod etilgan maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti – kelajak avlod uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatdir. Shu ma’noda “Lochin” xususiy korxonasi faoliyati hudud taraqqiyotiga qo‘shilayotgan amaliy hissasi bilan ahamiyatli.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA