Yo‘l sifati va vaqt: pulli trassalar nega kerak?
Pulli avtomobil yo‘li — vaqt, xavfsizlik va sifatli infratuzilma uchun to‘lov tamoyiliga asoslangan zamonaviy transport tizimi.
Bunday yo‘llar transport oqimini samarali taqsimlaydi, tirbandlikni kamaytiradi, qatnov vaqtini qisqartiradi va yo‘l infratuzilmasini uzoq muddat sifatli saqlash uchun barqaror mablag‘ manbasini yaratadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti 3 karra o‘sdi. 2030-yilga borib uning hajmini 240 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu esa yo‘l-transport va logistika infratuzilmasini iqtisodiyotning o‘sish sur’atlariga muvofiq rivojlantirishni talab etadi. Bugun O‘zbekiston hududidan xalqaro ahamiyatga ega 4 ming kilometr tranzit yo‘l o‘tadi. Ularning 30 foizi to‘liq quvvatda, yana 25 foizi ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hududlarni bog‘lovchi yo‘llarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Urganchdan Xivaga borish yanada tez, qulay va xavfsiz bo‘lishi kutilmoqda. Xorazmda O‘zbekistonda ilk bor qurilayotgan pulli avtomobil yo‘li — T001 “Urganch–Xiva” trassasi nafaqat ikki shahar o‘rtasidagi qatnovni yengillashtiradi, balki hududning turizm va logistika salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Urganchdan Xivaga — yangi yo‘l: 35 kilometrlik zamonaviy pulli trassa sifati qanday bo‘ladi?
Tasavvur qiling: 35 kilometrlik yangi trassa, soatiga 130 kilometrgacha hisobiy harakat tezligi, to‘rtta harakat tasmasi va zamonaviy raqamli boshqaruv tizimi. Eng muhimi, haydovchi bosib o‘tgan masofasi uchungina haq to‘laydi.

Qiymati 120 million AQSH dollariga baholangan to‘rt qatorli avtomagistral qurilishi fevral oyida boshlangan. Yangi yo‘l mavjud D215 Xiva shossesiga muqobil bo‘ladi. Loyiha amalga oshirilgach, Urganch va Xiva o‘rtasidagi safar vaqti 60 daqiqadan 17 daqiqagacha qisqarishi, yo‘lning o‘tkazuvchanligi esa sutkasiga 20 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etishi kutilmoqda. Yo‘lning boshida, 7- va 33-kilometrlarda jami 3 ta kirish-chiqish terminali tashkil etiladi. Trassaning ishga tushirilishi mavjud yo‘ldagi yuklamani kamaytirib, transport oqimini samarali taqsimlash imkonini beradi. Mazkur trassa Xorazmning bir nechta hududlarini qamrab oladi.
Xususan, yo‘lning 1,1 kilometri — Urganch shahri, 11,6 kilometri — Urganch tumani, 3,7 kilometri — Qo‘shko‘pir tumani, 16,7 kilometri — Xiva tumani hamda 1,9 kilometri — Xiva shahri hududidan o‘tadi. Shu tariqa yangi avtomobil yo‘li Xorazmning ikki muhim markazi — Urganch va Xivani zamonaviy transport infratuzilmasi bilan yanada yaqinlashtiradi. Loyihaning umumiy qiymati 1,8 trillion so‘m, ya’ni 148 million AQSH dollarini tashkil etadi. Qurilish ishlariga 1 200 ta maxsus texnika va 1,5 ming nafardan ortiq mutaxassis jalb qilingan. Ayni paytda qurilish-montaj ishlari hajmi 1,5 trillion so‘mdan ortiqni tashkil etmoqda.
Trassa zamonaviy muhandislik talablari asosida loyihalashtirilgan. Yo‘l konstruksiyasi yuqori transport yuklamasiga chidamlilik, uzoq xizmat muddati va harakat xavfsizligini ta’minlashga mo‘ljallangan. Loyiha doirasida jami 106 ta sun’iy inshoot barpo etiladi. Ular orasida 15 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta yer osti tonneli, 6 ta yer osti piyoda va chorva o‘tish joyi, 49 turdagi suv inshooti hamda 51 ta metall quvur mavjud. Bu inshootlar yo‘lning nafaqat transport uchun qulay, balki xavfsiz va barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan.
Pulli yo‘l qurilishida bosh loyihachi — “Yo‘l loyiha byurosi” MCHJ. Bosh pudratchi — Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Toshkent viloyati filiali, konsultant — Turkiyaning “Temelsu International Engineering Services” kompaniyasi.
Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi.
O‘zA