Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida malakali kadrlarning o‘rni muhim
Qaror asosida
Yurtimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar o‘z o‘rnida soha uchun malakali mutaxassislarni tayyorlashni talab etadi. Mazkur tizimni faoliyat xususiyatlaridan kelib chiqib yanada takomillashtirish, kadrlarning professional salohiyatini oshirish, doimiy monitoring qilib borish tartibini joriy etish natijadorlikni kengaytiradi.
Shu maqsadda joriy yil 26-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Jumladan, qarorga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan Jamoat xavfsizligi universitetida ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash hamda qo‘riqlash faoliyati (jamoat xavfsizligini ta’minlash) yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanadi.
Shuningdek, universitetda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi uchun yurisprudensiya sohasida oliy ma’lumotga ega kadrlar tayyorlanadi.
Xususan, bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida “Yurisprudensiya (“Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “Jamoat tartibini saqlash faoliyati”, “Yo‘l harakati xavfsizligi faoliyati” va “Qo‘riqlash faoliyati”)” yo‘nalishlari, masofaviy ta’lim shaklida esa “Yurisprudensiya (“Jamoat xavfsizligini huquqiy ta’minlash”)” yo‘nalishi, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kamida besh yillik amaliy xizmat stajiga ega xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun magistraturada o‘qitish “Jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini tashkil etish” mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olish imkoniyatlari yaratiladi.
Bundan tashqari, Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun mutaxassislarni tayyorlash kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti asosida amalga oshiriladi.
Masofaviy ta’lim shaklida esa Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun davlat granti asosida, oliy ma’lumotga ega bo‘lgan hamda Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari harbiy xizmatchilari va xodimlari uchun to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.
Kadrlarni umumfuqaroviy asosda tayyorlash kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA