Yozgi oromgoh: g‘oyadan grantgacha
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Olmos” dam olish maskanida “NNT yoshlari yozgi oromgohi: moliyaviy barqarorlik va fandrayzing” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiyatsiyasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir yangi tashkil etilgan NNTlarning salohiyatini oshirish hamda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlarning mantiqiy davomidir.

Unda respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 30 nafar NNTning yosh vakillari ishtirok etdi. Qayd etilganidek, bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jarayonlarida yoshlarning ishtirokini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Biroq yangi tashkil etilgan NNTlar moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, mahalliy va xalqaro donorlar bilan ishlash, shuningdek, grant loyihalarini xalqaro standartlar asosida tayyorlash borasida muayyan amaliy ko‘nikmalarga ehtiyoj sezmoqda.

Yozgi oromgoh mazkur masalalarning yechimiga qaratildi. Ishtirokchilar o‘rtasida amaliy treninglar, guruh mashg‘ulotlari va fandrayzing simulyatsiyalari o‘tkazildi. Jarayonda O‘zbekistondagi mahalliy grantlar va ijtimoiy buyurtmalar ekotizimi, maqsadli loyihalarni shakllantirish talablari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, ijtimoiy loyihalar ishlab chiqishda muammoni aniqlash va vazifalarni xalqaro SMART usulida belgilash ko‘nikmalari mustahkamlandi. Qolaversa, raqamli imkoniyatlardan foydalanish doirasida ishtirokchilar ngo.gov.uz elektron platformasida ishlash va elektron raqamli imzo orqali hujjatlarni xatosiz yuklash tartib-qoidalarini amaliyotda sinab ko‘rdi.
Ta’kidlash joizki, mazkur yozgi oromgoh aniq amaliy natijalarga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir. Xususan, tadbir davomida 5 nafar ishtirokchi Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan grant tanloviga o‘z loyihalarini elektron platforma orqali topshirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu holat o‘quv jarayonining nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham yuqori saviyada tashkil etilganini namoyon etadi.

Yakunda har bir ishtirokchi kamida bitta mahalliy va xalqaro grant loyihasi qoralamasini ishlab chiqdi hamda o‘z g‘oyalarini himoya qilish bo‘yicha tajriba almashdi. Hududiy NNTlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
A.Musayev, O‘zA