O‘zbekiston – Turkiya: axborot sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichi
Bugun O‘zbekiston Milliy axborot agentligida “Turk dunyosi” Jurnalistlar federatsiyasi (TDGF) va O‘zA rahbarlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Turk dunyosi” Jurnalistlar federatsiyasi (Türk Dünyası Gazeteciler Federasyonu – TDGF) 2014-yil Anqara shahrida tashkil etilgan nodavlat xalqaro jurnalistik birlashma bo‘lib, turkiy davlatlar va jamoalar o‘rtasida media, axborot, madaniyat va jamoatchilik diplomatiyasi sohalarida hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan. Federatsiya o‘z faoliyatini turk dunyosidagi jurnalistik tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va madaniy institutlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratgan. Shuningdek, tashkilot hujjatli kino sohasida xalqaro loyihalar yo‘lga qo‘yib, turkiy xalqlarning umumiy tarixi va madaniy merosini targ‘ib qilib kelyapti. 2024-yil TDGF tashabbusi bilan Toshkentda IV Xalqaro “Turk dunyosi” media va san’at simpoziumi o‘tkazilgan.
Ikki mamlakat yetakchi axborot tuzilmalari rahbarlari o‘rtasida kechgan muloqotda O‘zbekiston va Turkiya strategik sherikligini yanada mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakat izchil davom etayotgani ta’kidlandi.
O‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi mushtarak munosabat, ayniqsa, madaniyat, san’at, axborot almashinuvi yo‘nalishlarida jadal rivojlanayotgani, ayni jarayonda har ikki mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida muntazam axborot almashish muhimligi qayd etildi.
“Turk dunyosi” Jurnalistlar federatsiyasi raisi Menderes Demir O‘zA bilan muntazam aloqani yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligini bildirdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov TDGF bilan axborot almashish ko‘lamini kengaytirish, xodimlar tajriba va malakasini tizimli oshirib borish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda, – dedi Menderes Demir. – Har ikki davlat rahbarlarining o‘zaro rasmiy tashriflari natijasida strategik sheriklik mustahkamlanmoqda. Turkiyada O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari, O‘zbekistonda esa Turkiya madaniyati va kinosi kunlari o‘tkazildi. Mazkur anjumanlar xalqlarimizni yanada jipslashtirdi, deyish mumkin. Ayonki, mamlakatlarimizdagi muhim voqealar haqida axborot berishda manba xolis va ishonchli bo‘lishi juda muhim. Joriy yil Turk dunyosi jurnalistlari qurultoyini Andijonda o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, turkiy davlatlar o‘rtasida axborot almashinuvini yanada kuchaytirish, tezkor va ishonchli ma’lumot tarqatish maqsadida “Turk dunyosi” axborot portalini ishga tushirish bo‘yicha ham ish olib borilyapti. Ishonchim komilki, bu tashabbuslar media sohasidagi hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqib, xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqinlikni yanada mustahkamlaydi.
O‘tkir Alimov,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA