Samarqand viloyati xabarlari - qisqa satrlarda
Viloyat hokimi Adiz Boboyev “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi Xishrav massividan auksion savdolari orqali yer sotib olib, sanoat, ofis va maishiy ehtiyojlar uchun qog‘oz mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi qurayotgan Xitoyning “Azureflow Paper” kompaniyasi rahbari Djeyson Cheng bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda korxona uchun zarur uskuna va zamonaviy texnologiyalar ikki oy muddatda olib kelinishi va qisqa fursatlarda ishlab chiqarish jarayonlari boshlanib, mahsulotlarni eksportga ham chiqarish rejalashtirilgani qayd etildi.
O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tashabbusi bilan viloyatdagi mahalla raislarining faoliyat samaradorligini oshirish, aholi bilan ishlash sifatini yanada yaxshilash, davlat siyosati va amalga oshirilayotgan islohotlarni joylarda samarali targ‘ib qilish maqsadida o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.

Seminarlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining huquqiy asoslari, mahalla raislarining vazifa va vakolatlari haqida ma’lumot berilib, qonunchilikdagi yangiliklar mohiyati tushuntirilmoqda. Shuningdek, aholi ekologik madaniyatini yuksaltirish, “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha”, “Obod mahalla” mezonlarini hayotga tatbiq etish, qabristonlarni obodonlashtirish va mahalla servis kompaniyalari faoliyati samaradorligini oshirishga oid mavzular ham muhokama qilinmoqda.
- Bugun mahalla tizimi oldida turgan muhim vazifalardan biri ijro intizomini mustahkamlash, murojaatlar bilan samarali ishlash, mahallalarni raqamlashtirish va “Raqamli mahalla” platformasini to‘liq joriy etishdir, - deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Isroil Jabborov. - Shu bilan birga, ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy ajrimlar va huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolar bilan manzilli ishlash hamda “yettilik” faoliyatini samarali muvofiqlashtirish mahalla raislaridan katta mas’uliyat talab etadi. Seminar davomida mutaxassislar tomonidan bu borada amaliy tavsiya va takliflar berilmoqda.
Ishtixon tuman sport maktabi tarbiyalanuvchisi Nigina O‘ktamova boks bo‘yicha jahon chempionati finalida -57 kg vazn toifasida hindistonlik Prachiga qarshi ringga ko‘tarilib, har uch raundni ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi va raqibasiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Yakunda 5:0 hisobida g‘alaba qozongan Nigina Jahon kubogi oltin medalini qo‘lga kiritdi.
G‘.Hasanov, O‘zA