Maqsad – sud hokimiyatini korrupsiyadan holi tizimga aylantirish
Ma’lumki, 2026-yilda mamlakatimiz sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha «favqulodda holat» e’lon qilingandi. Prezidentimiz tomonidan esa shu yil 8-iyunda “Sudlarda kompleans nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonning imzolanishi ayni yo‘nalishdagi ezgu maqsadlarni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratdi.
E’tirof etish kerak, bundan ko‘zlangan asosiy maqsadlar sudlarda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni barvaqt bartaraf etish, sud apparati xodimlarini ishga qabul qilish jarayonini shaffof tartib-taomillar va ochiq tanlovga asoslangan tarzda tashkil etish, ularning salohiyati, iqtidori, kasbiy sifatlari hamda alohida xizmatlarini odilona va haqqoniy baholash (meritokratiya) asosida kasbiy o‘stirish, sud tizimiga jamoatchilik ishonchini mustahkamlash va sudning nufuzi va obro‘sini oshirish, sud organlarini Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarning ko‘makchisiga aylantirishdan iborat. Eng muhimi, sud xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olishga mas’ul bo‘lgan Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi. Mansab darajasiga ega bo‘lgan sud xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimini joriy qilish orqali ularning kasb mas’uliyatini yanada chuqur his etishlariga erishiladi.
Avvalo, Komplayens nazorat xizmati tizimda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash, korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish choralarini ko‘rib, sud xodimlari tomonidan kasb etikasi va qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini monitoring qilib boradi. Korrupsiya va sud tizimi obro‘siga putur yetkazuvchi boshqa holatlarning oldini olish bilan birga sud apparatiga ishga qabul qilish jarayonlarida shaffoflik va xolislikni ta’minlaydi. Shuningdek, belgilangan tartibda sud apparati lavozimlariga nomzodlarni korrupsiyaga qarshi tekshiruvdan o‘tkazib xulosa beradi. Xodimlarda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning bu boradagi bilim va ko‘nikmalari uzluksiz oshirib borilishini muvofiqlashtiradi. Eng e’tiborlisi, sud apparati xodimlari, ular oila a’zolarining (turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlari) daromadlari va mol-mulki, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini deklaratsiya qilish tizimlarini ishga tushirish hamda yuritish, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi. Qolaversa, korrupsiya holatlari haqida xabar bergan xodimlarni himoya qilish va rag‘batlantirish, pora taklif etish holatlari haqida xodim tomonidan xabar berish tizimini, shuningdek, fuqarolar uchun xavfsiz aloqa kanallarini joriy etadi.
Yana bir e’tiborli holat shuki, sud apparatida korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori bo‘lgan lavozimlar ro‘yxatini tasdiqlash, bunday vazifa va funksiyalarni raqamlashtirish, ularni amalga oshirishda inson omilini kamaytirish orqali ham ko‘zlangan maqsadlarga erishishdir.
Bundan tashqari, sud apparati xodimlarini ishga qabul qilishda muqaddam korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslarni ishga qabul qilish, notarius, advokat, sudya, huquqni muhofaza qiluvchi yoki boshqa davlat organi faoliyatida nojo‘ya xatti-harakatlari uchun lavozimdan bo‘shatilgan shaxslarni uch yil mobaynida ishga qabul qilish, pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanish, tadbirkorlik sub’ektini ta’sis etish, unda tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarish (bundan aksiyadorlik jamiyatlari erkin muomalada bo‘lgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollari mustasno), o‘z xizmat vazifalarini siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochish va ularga ega bo‘lish, ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkka egalik qilish kabi cheklovlar o‘rnatiladi.
Tizimda HR-menejment mexanizmlaridan keng foydalangan holda esa nomzodlarning shaxsiy va kasbiy fazilatlari, shu jumladan, ularning ma’naviy-axloqiy va halollik sifatlarini haqqoniy baholash imkonini beruvchi ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi joriy etiladi. Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirishda raqamli texnologiyalar, shu jumladan sun’iy intellektdan foydalangan holda vakant lavozimlar e’lon qilinadi. Sudlarga oliy yuridik ma’lumot va ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kadrlarni jalb qilishda respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmoni orqali sudyalar korpusida korrupsiyaga murosasizlikni shakllantirish maqsadida 2027-yil 1-mayga qadar Oliy sud oldiga sud apparati xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari hamda daromadlar va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani Oliy sudga taqdim etish, shuningdek, ularni tekshirish va tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimini, qolaversa, xodimlar faoliyatidagi korrupsiya, shubhali sxemalar va intizom buzilishlariga olib keluvchi bo‘shliqlarni aniqlab, ularni bartaraf etish, xodimlar faoliyatini monitoring qilish imkonini beruvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarish elektron axborot tizimini ishga tushirish vazifalari ham qo‘yildi.
Albatta, Prezident farmonida belgilangan ezgu maqsadlar o‘z samarasini beradi. Zero, sud hokimiyatini korrupsiyadan holi tizimiga aylantirish hamyurtlarimizning amaldagi qonunlarimizga, Yangi O‘zbekistonda kechayotgan adolatli va insonparvar siyosatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi.
Shuhrat KAMOLOV,
Xorazm viloyat sudi raisi