Yoxann Zaatxoff: “O‘zbekistondagi o‘zgarishlar yorqin kelajak sari yangi imkoniyatlar va mustahkam zamin yaratmoqda”
O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘lida erishgan natijalari, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ochiqlik siyosati mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini tobora yuksaltirmoqda. Bu jarayonlar nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoda barqarorlik va o‘zaro yaqin hamkorlikni mustahkamlash uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan “O‘zbekiston – Germaniya: 35 yillik taraqqiyot va hamkorlik” loyihasining navbatdagi mehmoni – Germaniya Federativ Respublikasi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) parlament davlat kotibi Yoxann Zaatxoff.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan intervyuda janob Yoxann Zaatxoff mamlakatimizning so‘nggi yillardagi taraqqiyoti, amalga oshirilayotgan islohotlar, Germaniya – O‘zbekiston hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida fikr bildirdi:
– O‘zbekiston so‘nggi yillarda e’tiborga molik yutuqlarga erishdi. Kasb-hunar ta’limi, bandlik, davlat boshqaruvi va ijtimoiy himoya sohalarida amalga oshirilgan islohotlar mamlakat taraqqiyotiga muhim turtki berdi. Albatta, bunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar o‘z samarasini to‘liq namoyon etishi uchun vaqt va muayyan sharoit talab etadi. Ayniqsa, tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, huquqiy davlat institutlarini mustahkamlash va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish O‘zbekiston uchun katta imkoniyatlar ochmoqda. Germaniya, xususan, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi, ushbu transformatsiya jarayonini ishonchli hamkor sifatida qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik har ikki mamlakat uchun muhim bo‘lgan kelajakka yo‘naltirilgan sohalarga qaratilgan. Masalan, resurslarni boshqarish yo‘nalishida BMZ suvdan samarali foydalanish uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish va texnik jihozlashga ko‘maklashmoqda. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi tobora kuchayib borayotgan sharoitda suv resurslaridan foydalanish tizimini Markaziy Osiyoning ekologik talablariga moslashtirish juda muhim.
O‘zbekiston yoshlarining kasblarga o‘qitish jarayonida ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz. Bu borada dual va amaliyotga yo‘naltirilgan kasb-hunar ta’limi dasturlarini ishlab chiqish, shuningdek, yosh mutaxassislarni tayyorlaydigan korxonalar uchun moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratish uchun xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqdamiz. Bundan tashqari, yosh mutaxassislarga kasb tanlash, professional yo‘nalishni belgilash va mehnat faoliyatini rejalashtirish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ham taklif qilyapmiz.
Mintaqaviy hamkorlikka asoslangan yondashuv hozirgi kunda Germaniyaning Markaziy Osiyodagi rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash faoliyatining asosiy poydevoriga aylangan. Hozirgi davr muammolari iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan foydalanish va energetika masalalari milliy chegaralar bilan cheklanmaydi, shu bois ularni faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali hal etish mumkin. Yaqin mintaqaviy hamkorlik davlatlar o‘rtasida ko‘priklar barpo etadi, barqarorlikni mustahkamlaydi va uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. O‘zbekiston bu borada salmoqli sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Bu esa butun mintaqa uchun katta ahamiyatga ega.
O‘tgan 35 yil mobaynida O‘zbekiston ulkan transformatsiya yo‘lini bosib o‘tdi. Ayniqsa, mamlakatning mintaqaviy va xalqaro miqyosda iqtisodiy jihatdan ochilishi alohida e’tirofga loyiq. Keng ko‘lamli siyosiy islohotlar bilan uyg‘un holda amalga oshirilayotgan ushbu jarayon butun Markaziy Osiyo uchun muhim namuna bo‘lmoqda va mintaqada innovatsiyalarni rivojlantirishga turtki bermoqda. Shu jihatlar tufayli ham O‘zbekiston bugun Germaniya va Yevropa uchun Markaziy Osiyodagi muhim hamkorga aylandi. Bizning hamkorlik bir-birimizdan o‘rganish, global muammolarga birgalikda yechim topish istagiga asoslangan.
Agar menga mamlakatni bir so‘z bilan ifodalash imkoniyati berilsa, “Yangilanish va taraqqiyot” degan bo‘lardim. So‘nggi yillardagi o‘zgarishlar jarayoni O‘zbekiston xalqi, Markaziy Osiyo mintaqasi va xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bunday jarayon, albatta, insonda kelajakka ishonch va yangi marralar sari intilish ruhini uyg‘otadi.
O‘zbekiston xalqini davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin dildan tabriklayman. Ushbu qutlug‘ sana mamlakat erishgan yutuqlarni munosib baholash, shu bilan birga, kelajakka ishonch bilan qarash uchun yaxshi imkoniyatdir.
Mamlakatga bundan keyin ham tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot, yangi muvaffaqiyatlar tilayman. Biz ushbu taraqqiyot yo‘lida kelgusida ham O‘zbekistonni bajonidil qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA