Muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni so‘ndirishning yangi mexanizmi joriy etiladi
Xorijiy hamkor to‘lovni amalga oshirmagan hollarda tadbirkorlar qarzdorlikni o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirishi mumkin.
Ma’lumki, tashqi savdo operatsiyalarida xorijiy hamkor tomonidan to‘lovning belgilangan muddatda amalga oshirilmasligi eksportchi korxonalar uchun nafaqat moliyaviy muammo, balki qo‘shimcha jarimalar xavfini ham keltirib chiqaradi. Endi bunday holatlarni yumshatishga qaratilgan yangi mexanizm joriy etilmoqda.
Prezidentimizning joriy yilning 27-avgustdagi “Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni qisqartirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarni kamaytirishga qaratilgan qator choralar belgilandi. Farmon 28-avgustdan kuchga kirgan.
Hujjatga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvarga qadar tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni so‘ndirishga doir bir martalik umumdavlat aksiyasi amal qiladi. Uning doirasida tadbirkorlarga eksport qilingan tovar, bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat uchun xorijiy kontragent belgilangan muddatda to‘lovni amalga oshirmagani natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikni o‘z mablag‘lari hisobidan so‘ndirish imkoniyati berilmoqda.
Ya’ni eksportchi korxona xorijiy xaridordan mablag‘ kelib tushishini kutib o‘tirmasdan, mavjud qarzdorlikni o‘z mablag‘i bilan qoplashi mumkin. Buning natijasida “E-kontrakt” tashqi savdo axborot tizimida qayd etilgan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik ham kamaytiriladi.
Muhim jihati shundaki, aksiya farmon kuchga kirgan sanaga qadar amalda eksport qilingan tovarlar, ishlar va xizmatlar bo‘yicha xorijiy kontragent to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagani sababli paydo bo‘lgan hamda “E-kontrakt” tizimida muddati o‘tgan deb qayd etilgan qarzdorliklarga nisbatan qo‘llaniladi.
Yangi mexanizmning yana bir muhim jihati — tadbirkorga qarzdorlikni bank orqali so‘ndirishda qo‘shimcha qulaylik yaratiladi.
Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, aksiya doirasida tadbirkorlar naqd shakldagi xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi va tegishli ishonchnomalarni taqdim etmasdan bank kassasiga kiritish orqali muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni so‘ndirishi mumkin.
Mablag‘ bankka kirim qilingach, “E-kontrakt” tizimidagi qarzdorlik avtomatik ravishda kamayadi. Shu bilan birga, aktivlarni repatriatsiya qilish ta’minlanmagani uchun qo‘llanilgan, ammo hali undirilmagan jarimaning tegishli qismi kiritilgan summaga mutanosib ravishda bekor qilinadi. Bu, ayniqsa, xorijiy kontragentdan to‘lovni olish imkoniyati turli sabablarga ko‘ra kechikayotgan, ammo o‘zining tashqi savdo majburiyatlarini tartibga solishni istagan tadbirkorlar uchun muhim imkoniyatdir.
Bir martalik aksiya muayyan doirada qo‘llaniladi. Xususan, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga, shuningdek, ustav kapitalida shunday tashkilotlarning ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga ushbu imtiyozlar tatbiq etilmaydi. Shu sababli eksportchi korxonalar avvalo o‘zining tashkiliy-huquqiy maqomi va ustav kapitalidagi davlat ulushini inobatga olishi lozim.
Farmon faqat mavjud qarzdorlikni bartaraf etish bilan cheklanmaydi. 2027-yil 1-yanvardan tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni belgilangan muddatlarda repatriatsiya qilmaganlik uchun qo‘llanadigan jarimani sud tomonidan ikki baravarga kamaytirish imkoniyati ham belgilanmoqda.
Buning uchun quyidagi holatlardan kamida bittasi mavjud bo‘lishi kerak. Ya’ni rezident xorijiy hamkordan qarzni undirish uchun o‘ziga bog‘liq barcha choralarni, jumladan sud, arbitraj yoki boshqa majburiy undiruv mexanizmlaridan foydalangan bo‘lishi, tashqi savdo operatsiyasi bo‘yicha aktivlarning 50 foizdan ortiq qismi repatriatsiya qilingan bo‘lishi kerak.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA