Banklarga karta operatsiyalarini o‘z tizimi orqali qayta ishlashga ruxsat berildi
O‘zbekiston bank tizimida karta operatsiyalarini qayta ishlash jarayonini yanada takomillashtirishga qaratilgan yangi tartib joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, banklarga bir bankning o‘zida ochilgan kartalar o‘rtasidagi ayrim to‘lov operatsiyalarini uchinchi shaxs protsessing xizmatlarini jalb qilmasdan, o‘z axborot infratuzilmasi orqali qayta ishlash imkoniyati beriladi.
Bu Markaziy banki boshqaruvining 2026-yil 14-avgustdagi 22/7-son qarori bilan belgilandi. Hujjat 27-avgust kuni Adliya vazirligida 3294-4-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Qarorda In-house modeli tushunchasiga huquqiy maqom berildi. Unga ko‘ra, bank protsessing xizmatini ko‘rsatuvchi uchinchi shaxsni jalb qilmagan holda, o‘zining axborot infratuzilmasi orqali to‘lov operatsiyalarini avtorizatsiya qilishi, qayta ishlashi va ularni bank hisobvaraqlarida aks ettirishi mumkin.
Biroq bu imkoniyat barcha karta operatsiyalariga taalluqli emas. In-house modeli faqat to‘lovchi va mablag‘ oluvchining bank kartalari aynan bir bankda ochilgan holatlarda qo‘llaniladi. Masalan, bir bank mijozining kartasidan shu bankdagi boshqa mijozning kartasiga mablag‘ o‘tkazilganda operatsiya bankning o‘z tizimi orqali qayta ishlanishi mumkin. Turli banklar kartalari o‘rtasidagi operatsiyalar esa mazkur tartib doirasiga kirmaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, bunday operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblar real vaqt rejimida yoki belgilangan kliring sessiyalari yakunlari bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin. In-house modelini joriy etish banklar uchun majburiy emas. Ya’ni har bir bank o‘zining texnik imkoniyatlari, infratuzilmasi va iqtisodiy samaradorligidan kelib chiqib, ushbu modeldan foydalanish yoki foydalanmaslikni mustaqil belgilaydi. Shu bilan birga, bu imkoniyatdan foydalanmoqchi bo‘lgan banklar zimmasiga qator talablar yuklanadi. Xususan, bank In-house modelini ishga tushirishdan kamida 30 kun oldin Markaziy bankni yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishi lozim.
Xabarnomada tizimni ishga tushirish sanasi, qaysi turdagi operatsiyalar qayta ishlanishi, foydalaniladigan axborot tizimlari hamda axborot xavfsizligi va faoliyat uzluksizligini ta’minlash choralari ko‘rsatilishi kerak. Yangi imkoniyat bilan bir qatorda banklar uchun axborot xavfsizligi bo‘yicha talablar ham belgilanmoqda. In-house modelida ishlaydigan banklar kiberxavfsizlik talablariga rioya qilishi, faoliyat uzluksizligi hamda axborot tizimlarini tiklash rejalarini ishlab chiqishi va ularni kamida yiliga bir marta sinovdan o‘tkazishi shart. Bundan tashqari, asosiy axborot tizimidan mustaqil zaxira axborot tizimi va zaxira aloqa kanali mavjud bo‘lishi kerak. Bank ushbu zaxira tizimiga o‘tish jarayonini ham kamida yiliga bir marta sinovdan o‘tkazishi belgilangan. To‘lov ma’lumotlarining maxfiyligi, yaxlitligi va mavjudligini ta’minlash bo‘yicha ichki hujjatlar tasdiqlanishi, shuningdek operatsion va texnologik xatarlarni aniqlash, baholash, monitoring qilish hamda kamaytirish tartibi belgilanishi lozim.
In-house modeli orqali amalga oshirilgan to‘lov operatsiyalariga oid barcha ma’lumotlar bank tomonidan kamida besh yil davomida saqlanishi, ularning yaxlitligi ta’minlanishi va zarur hollarda qayta tiklanishi kerak.
Agar tizim faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan operatsion hodisa, axborot tizimida uzilish yoki axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik bilan bog‘liq holat yuzaga kelsa, bank bu haqda Markaziy bankka zudlik bilan dastlabki axborot berishi shart.
Hodisaning sabablari, oqibatlari va uni bartaraf etish uchun ko‘rilgan choralar haqidagi batafsil ma’lumot esa hodisa aniqlangan kundan boshlab uch ish kuni ichida taqdim etiladi. Yangi mexanizm, avvalo, banklarning ichki texnologik imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Bir bankning o‘z kartalari o‘rtasidagi operatsiyalarni tashqi protsessing xizmatlarisiz amalga oshirish bankka operatsiyalarni qayta ishlash jarayoni ustidan ko‘proq nazorat qilish imkonini beradi.
Shuningdek, operatsiyalarni qayta ishlashda tashqi infratuzilmaga bog‘liqlikning kamayishi ayrim hollarda to‘lovlarning tezkorligi va barqarorligini oshirishi mumkin.
Banklar uchun protsessing xarajatlarining optimallashishi esa kelgusida ayrim xizmatlar bo‘yicha komissiyalarni qayta ko‘rib chiqish imkonini berishi mumkin. Biroq bu avtomatik ravishda barcha banklarda komissiyalar pasayadi, degani emas. Tarif siyosati har bir bankning o‘z qarorlariga bog‘liq bo‘ladi.
Shu tariqa, yangi tartib banklarga raqamli to‘lov infratuzilmasini o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib rivojlantirish uchun qo‘shimcha huquqiy va texnologik imkoniyat yaratadi.
Muhimi, In-house modeli banklarga berilgan ixtiyoriy imkoniyat bo‘lib, uni joriy etgan banklar axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik va tizimlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash bo‘yicha belgilangan talablarga qat’iy rioya qilishi kerak.
Qaror 2026-yil 29-noyabrdan kuchga kiradi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA