Yosh siyosat yetakchilari
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasida “Yoshlar — O‘zbekistonning oltin fondi” mavzusida yoshlar anjumani o‘tkazildi. Tadbirda “Yosh siyosat yetakchilari” dasturining rasmiy taqdimoti o‘tkazilib, unga start berildi.
Mazkur dastur yoshlarning siyosiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning jamoatchilik va siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish hamda zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor va mas’uliyatli yangi avlod siyosiy liderlarini shakllantirishga qaratilgan.
Dastur doirasida yoshlarning siyosiy jarayonlarni anglashi, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish, yetakchilik salohiyatini rivojlantirish hamda o‘z g‘oya va tashabbuslarini ilgari surish uchun imkoniyatlar yaratish maqsad qilingan.
“Yosh siyosat yetakchilari” dasturining asosiy g‘oyasi — yoshlarni siyosat haqida gapiruvchi emas, balki jamiyat taraqqiyoti uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan siyosiy liderlar sifatida shakllantirishdir.
Taqdimot jarayonida dasturning maqsad va vazifalari, asosiy yo‘nalishlari hamda yoshlar uchun yaratiladigan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar dastur yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugun yoshlarning siyosiy va jamoatchilik faolligini oshirish nafaqat ularning shaxsiy rivoji, balki mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda, “Yosh siyosat yetakchilari” dasturi — yoshlarni siyosiy jarayonlarga tayyorlashning navbatdagi bosqichi, ularning sardorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish va kelajakdagi siyosiy elitani shakllantirishga qaratilgan tashabbus sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shuningdek, tadbir doirasida bir guruh faollarga “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni topshirildi.
M.Komilova,
O‘zA