“35 yillik sharafli yo‘l” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan “35 yillik sharafli yo‘l” ijodiy tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, xalq hayoti va Buxoro viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy taraqqiyotini yoritishda jurnalist va ijodkorlarning hissasi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Buxoro viloyati bo‘limi raisi Gulshoda Ibrohimova tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlar haqida to‘xtalib, ularda mustaqillik yillaridagi o‘zgarishlar, xalq hayoti va Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi mahorat bilan aks ettirilganini qayd etdi.
Tadbir davomida to‘rt nafar faol ijodkorga Jurnalistlar uyushmasi a’zolik guvohnomalari topshirildi. Shu tariqa, viloyatdagi uyushma a’zolari soni 70 nafardan oshdi.
[gallery-31148]
Tanlovga 20 dan ortiq ishtirokchidan 50 ga yaqin ijodiy ish kelib tushgan. Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, “Mustaqillik solnomasi” nominatsiyasida Mirzoqul Ahadov, “Qadim va navqiron Buxoro” nominatsiyasida “Buxoro oqshomi” gazetasi muharriri Ibodat Rajabova, “O‘zbekiston: 35 yillik sharafli yo‘l” nominatsiyasida “Buxoro” teleradiokanali muharriri Mehribon Zaripova g‘olib deb topildi.
G‘oliblar va faol ishtirok etgan bir guruh ijodkorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA