Adolat — taraqqiyot va ishonch tayanchi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev mustaqillik, inson qadri, sud mustaqilligi va qonun ustuvorligining jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.
Zero, har yili 1-sentabr – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni xalqimiz tomonidan yuksak iftixor va shukronalik bilan nishonlanadi. Bu qutlug‘ sana nafaqat milliy davlatchiligimiz va erkinligimiz timsoli, balki mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, erishilgan yutuqlar va kelgusi maqsadlarni sarhisob qilish uchun ham muhim tarixiy fursatdir.
Mustaqillik bizga nafaqat milliy davlatchiligimizni tiklash, balki inson qadri, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga asoslangan jamiyat barpo etish imkoniyatini berdi. O‘tgan yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarning zamirida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, xalq farovonligini oshirish hamda adolatli davlat qurish maqsadi mujassam. Prezidentning tantanali marosimdagi nutqida sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirishga qaratilgan vazifalarning belgilanishi ham ushbu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomidir.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi PF-160-son Farmoni bilan «Odil sudlov – 2030» Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi tasdiqlandi. Mustaqillik bayrami arafasida qabul qilingan mazkur hujjat inson qadrini ulug‘lash va buzilgan huquqlarni sud orqali samarali tiklash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Strategiya sud tizimini isloh qilishning oltita muhim ustunini belgilab berdi. «Xalqchil sud» sudlar faoliyatining ochiqligi va aholiga yaqinligini ta’minlashga, «Adolat qo‘rg‘oni» har qanday ta’sir va aralashuvdan xoli mustaqil odil sudlovni mustahkamlashga qaratilgan. «Kafolatlangan adolat» qonuniy, asoslantirilgan va barqaror sud qarorlarini qabul qilishni, «Adolat posbonlari» esa yuksak ma’naviy va kasbiy fazilatlarga ega sudyalar korpusini shakllantirishni nazarda tutadi. «Raqamli odil sudlov» sud xizmatlarini zamonaviy texnologiyalar asosida qulaylashtirsa, «Xalqaro e’tirof» ilg‘or xalqaro standartlarni milliy sud amaliyotiga joriy etishga xizmat qiladi.
Farmonda fuqarolar va tadbirkorlar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator aniq islohotlar belgilangan. Jumladan, 2027-yil 1-iyuldan umumyurisdiksiya va ma’muriy sudlar yo‘nalishida ishlarni qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ega hududlararo sudlar tashkil etiladi. Bu quyi sudlar qarorlarini qayta ko‘rib chiqishda xolislik va samaradorlikni oshirishga, buzilgan huquqlarni o‘z vaqtida tiklashga xizmat qiladi.
2027-2030-yillarda barcha hududlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholining sud himoyasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Fuqaro o‘z huquqini himoya qilish uchun uzoq masofaga borishga va ortiqcha vaqt hamda mablag‘ sarflashga majbur bo‘lmasligi kerak.
Yana bir muhim yangilik – 2027-yil 1-avgustdan yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi Oliy sud Rayosati qarorlarini ochiq e’lon qilib boruvchi «Pretsedentlar» реестрiнiнг joriy etilishidir. Sud qarorlarining ochiqligi fuqarolar va tadbirkorlarga qonun qanday qo‘llanilayotganini oldindan tushunish imkonini beradi. Bu huquqiy aniqlikni oshiradi, turlicha sud amaliyotining oldini oladi va sudlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydi.
2030-yilga qadar sud binolarida «yagona darcha» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish ofislari bosqichma-bosqich tashkil etiladi. Ularda fuqarolarga zarur axborot berish, protsessual murojaatlarni qabul qilish, tashkiliy yordam ko‘rsatish va raqamli sud xizmatlaridan foydalanishda amaliy ko‘maklashish nazarda tutilgan. Shuningdek, 2027-yil yakuniga qadar my.sud.uz interaktiv xizmatlar portali takomillashtirilib, uning yangilangan mobil ilovasi ishga tushiriladi, sudga murojaat namunalarini tayyorlash va sud hujjatlarini interaktiv izlash imkoniyatlari kengaytiriladi.
Sudga murojaat qilishdagi ortiqcha rasmiyatchiliklarni qisqartirish ham Strategiyaning muhim yo‘nalishidir. Endilikda ish muayyan sudning sudloviga tegishli emasligi sababli arizani qaytarish amaliyotidan voz kechib, uni sudning o‘zi tegishli sudga o‘tkazishi nazarda tutilmoqda. Da’vo arizasida juz’iy yoki formal kamchiliklar bo‘lsa, uni darhol qaytarish o‘rniga, kamchiliklarni sudning faol ko‘magida bartaraf etish tartibi joriy qilinadi. Bu fuqarolarning huquqiy bilim yoki texnik xato sababli sud himoyasidan mahrum bo‘lib qolishining oldini oladi.
2028-yil 1-yanvardan iqtisodiy sud ishlarini yuritishda «iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish» standarti joriy etilishi ham alohida ahamiyatga ega. Unga ko‘ra, sudya ishni ko‘rish jarayonida aniqlangan juz’iy kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Natijada iqtisodiy nizolarni hal etish tezlashadi, tadbirkorlar va investorlarning vaqti hamda xarajatlari tejaladi. Nizolarning tezkor va adolatli hal qilinishi esa investitsiya muhitining barqarorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Strategiyada odil sudlov sifatini baholash indikatorlarini ishlab chiqish va har yili O‘zbekistonda odil sudlov sifati indeksini e’lon qilish vazifasi ham belgilangan. Bu sud tizimidagi o‘zgarishlarni aniq natijalar asosida baholash, mavjud kamchiliklarni ochiq ko‘rsatish va islohotlarning jamiyat hayotiga ta’sirini kuzatib borish imkonini beradi.
Ushbu islohotlar faqat sud tizimining ichki tuzilishini o‘zgartirish bilan cheklanmaydi. Ular inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlik xavflarini kamaytirish va jamiyatda qonunga hurmat muhitini mustahkamlashga qaratilgan. Tadbirkor sud qarorining qonuniy va barqaror bo‘lishiga ishonsa, faoliyatini kengaytiradi. Investor shartnoma va mulkiy huquqlari samarali himoya qilinishiga ishonsa, mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritadi. Fuqaro esa buzilgan huquqi tez va adolatli tiklanishini his qilsa, davlatga ishonchi ortadi.
Yuridik fanlar doktori Zafar Babakulov