“Yosh kitobxon” tanlovi g‘olibasi Termizda tantanali kutib olindi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo yoshlari yana bir bor o‘z bilimi va salohiyati bilan yuksak natijani qayd etdi. “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tib, unda ishtirokchilar o‘zining kitobxonlik madaniyati, keng dunyoqarashi va intellektual salohiyatini namoyon etdi.
Tanlovning eng quvonarli voqealaridan biri 20-30 yosh toifasida Uzun tumani Bobotog‘ mahallasida istiqomat qiluvchi Fazilat Diyorovaning yorqin ishtiroki va qo‘lga kiritgan g‘alabasi bo‘ldi. Uning muvaffaqiyati nafaqat yaqinlari, balki butun voha yoshlari uchun faxr va g‘ururga aylandi.
Ahamiyatlisi, 2017-yildan buyon an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi tarixida ilk bor Surxondaryo viloyati vakili respublika bosqichida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ushbu tarixiy yutuq evaziga Fazilat Diyorova davlatimiz rahbarining sovg‘asi – “BYD Chazor” elektromobili bilan taqdirlandi.
[gallery-29630]
Termiz shahridagi Yoshlar markazida “Yosh kitobxon” tanlovi g‘olibasi tantanali kutib olindi. Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Oybek Ashurov viloyat hokimining tabrigini o‘qib eshittirdi, yoshlarning ilmga intilishi, mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasidagi yutuqlarini e’tirof etdi.
Shuningdek, marosimda nuroniylar, faol yoshlar, ijodkorlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, Fazilat Diyorovani samimiy qutladi. U erishgan natija bugungi yoshlar uchun katta motivatsiya va kelajak sari dadil intilishning yorqin namunasi ekanligi qayd etildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA