Ko‘mir tarkibidagi qimmatbaho elementlar bo‘yicha tadqiqotlar kengaytirilmoqda
Geologiya fanlari universitetida “Energetika va raqamli transformatsiyalar uchun metallar: resurslardan metallargacha” mavzusida xalqaro ilmiy seminar tashkil etildi.
Unda GFU rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, talabalar hamda Fransiya geologik xizmati (BRGM) va Lotaringiya universiteti vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida geologiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni kengaytirish hamda akademik almashinuv dasturlarini faollashtirish masalalari alohida qayd etildi.
Tomonlar fikriga ko‘ra, ushbu yo‘nalishlar nafaqat ilmiy salohiyatni oshirish, balki zamonaviy texnologiyalar transferi, kadrlar tayyorlash sifatini yaxshilash va geologiya sohasida xalqaro integratsiyani kuchaytirishda ham muhim ahamiyatga ega.

Fransiyalik olimlar: A.Guyezennec va R.Mishels o‘z ma’ruzalarida zamonaviy geologiya fanining rivojlanish tendensiyalari, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xomashyo resurslarini o‘rganish hamda ulardan samarali foydalanish yo‘llariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, ular sanoat uchun muhim bo‘lgan metallarni aniqlash va qayta ishlashda innovatsion yondashuvlarni joriy etish masalalariga e’tibor qaratdi.
Seminarda kritik xomashyolar, rudalarni qayta ishlash texnologiyalari, qazilma organik moddalarning tabiati hamda ularning metall konlari shakllanishidagi o‘rni atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, geologik jarayonlarning ekologik ta’siri, xususan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkorligi va chiqindilarni qayta ishlash masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Ilmiy muhokamalarda alohida e’tibor ko‘mir tarkibida uchraydigan germaniy kabi qimmatbaho elementlarni o‘rganishga qaratildi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ushbu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni kengaytirish zamonaviy energetika va yuqori texnologiyalar sanoati uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.
Tadbir yakunida geologiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA