Qo‘ng‘iroq sadolari kelajak eshigini ochdi
Sirdaryo viloyatida bugun yana bir o‘quv yili o‘z yakuniga yetdi. Maktab hovlilarini to‘ldirgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari bitiruvchilar uchun bolalikning eng yorqin xotiralarini ortida qoldirib, katta hayot sari mas’uliyatli qadam qo‘yilganini anglatdi.
“Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori” g‘oyasi ostida o‘tkazilgan bayram tadbirlari ta’lim muassasalarida o‘ziga xos ruh, birlik va kelajakka ishonch kayfiyatini namoyon etdi.
Viloyatdagi 313 ta umumta’lim muassasasi, 1 ta Prezident maktabi, 1 ta Ijod maktabi, 10 ta ixtisoslashtirilgan hamda 23 ta nodavlat ta’lim muassasasida tashkil etilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarida jami 165 ming 786 nafar o‘quvchi, ularning ustozlari va ota-onalari ishtirok etishdi. Bayram tadbirlari avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumta’lim maktablari bitiruvchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Viloyat miqyosidagi asosiy tadbirlar Guliston shahridagi 2 va 8-sonli umumta’lim maktablarida bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rahbari Nargiza Xolbayeva, pedagoglar, soha mutasaddilari hamda faxriy ustozlar ishtirok etishib, bitiruvchilarga ezgu tilaklar bildirishdi. Ular yoshlar oldida turgan mas’uliyatli yo‘l, ilm va mehnat orqali yuksak marralarga erishish imkoniyatlari haqida to‘xtalib o‘tishdi.
Tadbirlar doirasida bitiruvchilarga tantanali ravishda oltin va kumush medallar topshirildi. Shuningdek, yil davomida namunali xulqi, a’lo baholari va faolligi bilan ajralib turgan o‘quvchilar alohida rag‘batlantirildi. Ta’lim jarayonida faol ishtirok etgan, farzandining ta’limiga mas’uliyat bilan yondashgan ota-onalar esa “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona” kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanishdi.
Joriy o‘quv yili Sirdaryo ta’lim tizimi uchun ham natijalarga boy bo‘ldi. Viloyatda 11 988 nafar 11-sinf va 15 312 nafar 9-sinf bitiruvchisi mustaqil hayot sari qadam qo‘ymoqda. Ular orasidan bir qator iqtidorli yoshlar xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli olimpiada va tanlovlarda yuqori natijalarni qayd etdi.
Jumladan, Azizbek Mamajonov Bolqon xalqaro matematika olimpiadasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Dostonbek Rahmonqulov esa Turkmanistonning Ashxobod shahrida o‘tkazilgan III Xalqaro matematika olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritib, viloyat sharafini munosib himoya qildi.
Shuningdek, Mirzobobur Mirsoliyev “Moliyaviy savodxonlik” respublika bosqichida 1-o‘rinni egalladi. Alisher Egrashev esa “Unumdorlik maktabdan boshlanadi” mavzusidagi videotanlovda 2-o‘rinni qo‘lga kiritib, Germaniyaga sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash maqsadida 10 ming nafardan ortiq o‘quvchi diagnostik test sinovlariga jalb etildi, shuningdek, maxsus elektron platforma orqali qo‘shimcha tayyorgarlik ishlari yo‘lga qo‘yildi. 17 ta maktabda kasb-hunar sinflari tashkil etilib, 878 nafar o‘quvchi turli kasbiy yo‘nalishlarga jalb qilindi.
[gallery-29635]
Bugungi kunda 3816 nafar bitiruvchi oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirdi. Ulardan 96 nafari 189 ball to‘plab, muddatidan avval talabalikka qabul qilindi. Shuningdek, 25 nafar yosh dunyoning TOP–1000 taligiga kiruvchi nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining grantlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” — bitiruvchilarni katta hayot sari kuzatgan, orzu va mas’uliyatni bir nuqtada mujassam etgan ma’naviy bosqich sifatida ta’lim tizimi tarixida muhrlandi. Maktablarda yangragan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar va samimiy tilaklar esa yoshlar xotirasida umrbod saqlanib qoladi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat), O‘zA