Xorazmda ham “so‘nggi qo‘ng‘iroq”lar jarangladi
Bugun yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida joriy o‘quv yili yakunlanib, so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari jarangladi. Shu munosabat bilan Xorazmdagi barcha maktablarda o‘tkazilgan tadbirlarda o‘qituvchilar va o‘quvchilar jamoalari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Barcha tadbirlar avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan bitiruvchilarga yo‘llangan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
Mamlakatimiz Prezidentining mazkur tabrigi yoshlarga ko‘tarinki ruh, kuch-g‘ayrat va shijoat bag‘ishladi.
Joriy o‘quv yilida viloyat bo‘yicha 27 ming 216 nafar yigit-qizlar 11-sinfni tamomlab, mustaqil hayotga yo‘l oladi. Bugungi kungacha ularning 2 ming 107 nafari xorijiy tillarni bilish darajasi bo‘yicha xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. 400 nafardan ziyodi allaqachon oliy ta’lim muassasalariga kirishning eng yuqori 189 balini to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘ldi. Shuningdek, bitiruvchilarning 383 nafari oltin, 173 nafari kumush medallarga tavsiya qilingan.
Gurlan tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida Xorazm viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Saidov ishtirok etib, bitiruvchilarni ushbu unutilmas kun bilan samimiy muborakbod etdi.
[gallery-29634]
– Umumta’lim maktabimizda 1700 nafardan ziyod o‘quvchi ta’lim oladi, – deydi maktabning direktor o‘rinbosari Bahrom Sapayev. – Shundan 835 nafari boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, bu yilgi bitiruvchilar soni esa 116 nafarni tashkil etadi. Shundan 2 nafari muddatidan ilgari talabalikka qabul qilindi. 62 nafari milliy va xalqaro sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Tadbir yakunida o‘quv yilida yuqori natijalarga erishgan ustozlar, o‘quvchilar, sportchi yoshlar va faol ota-onalar tashakkurnoma, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari