Yosh bokschilarimizning shashdi baland
Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Chempionatning 20-oktabr kungi dasturida O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar vakili navbatdagi janglarda ishtirok etadi. Hususan, 65 kilogrammgacha vazn toifasida Jahongir Zaynidinov Sloveniya vakili Gasper Pehantga qarshi ringga ko‘tariladi. Shuningdek, 80 kilogrammgacha vazndagi janglarda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Abrobek Sharipov moldovalik Timofey Magdiuk bilan kuch sinashadi.
Eslatib o‘tamiz, musobaqaning kechagi bellashuvlarida hamyurtlarimiz bir qator g‘alabalarga erishdi. Jumladan, Suhrob Rahmatullayev qozog‘istonlik Ramazan Amirni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Muhammadrizo Ukimov rossiyalik Umar Ibakiyev ustidan 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Zulfiqor Adhamjonov esa jazoirlik Muhammad Monsefni 4:1 hisobida yengib, nimchorak finalga yo‘l oldi.
Afsuski, Shodiyona Meliqo‘ziyeva tajribali raqibi xitoylik Sirui Yangga qarshi bahsda 0:5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA