Yonilg‘i quyish shoxobchalarida xavfsizlik nazorati kuchaytiriladi
O‘zbekistonda avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash, avariya va baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 18-iyundagi 315-son qarorida o‘z aksini topgan.
Ma’lum qilinishicha, respublika bo‘yicha suyultirilgan va siqilgan gaz hamda neft mahsulotlarini sotuvchi 6196 ta ob’ekt xatlovdan o‘tkazilgan. Tekshiruvlar davomida jami 46 ming 737 ta qoidabuzarlik va kamchilik aniqlangan.
Ularning 2 ming 218 tasi qurilish, 7 ming 949 tasi yong‘in xavfsizligi, 25 ming 341 tasi sanoat va texnika xavfsizligi, 3 ming 354 tasi ekologiya talablari, 7 ming 875 tasi esa texnologik jarayonlarga rioya etilmagani bilan bog‘liq ekani qayd etilgan.
Xatlov jarayonida 7 mingdan ortiq kamchilik joyida bartaraf etilgan bo‘lsa, 464 ta yonilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Qaror bilan yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish ob’ektlari uchun yong‘in, sanoat va ekologik xavfsizlikka doir minimal talablar tasdiqlandi. Endilikda ob’ektlarda litsenziyalar, texnik pasportlar, soz holatdagi yong‘in o‘chirish vositalari, qiyoslovdan o‘tkazilgan o‘lchash asboblari hamda malakali muhandis-texnik xodimlar mavjud bo‘lishi shart.
Shuningdek, tabiiy gaz sotuvini hisobga olishning avtomatlashtirilgan «U-Gas» tizimini joriy etish ishlari davom ettiriladi. Mazkur tizim orqali gaz to‘ldirish stansiyalaridagi hisob-kitoblarni onlayn tarzda kuzatish imkoniyati yaratiladi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab xizmat muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi aniqlanmagan bosim ostida ishlovchi uskunalardan foydalanish cheklanadi. Shuningdek, avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarining texnik holati ham raqamli platformalar orqali nazorat qilinadi.
Hukumat xavfsizlik talablari buzilgan holda joylashgan va aholi hayotiga xavf tug‘dirayotgan yonilg‘i quyish shoxobchalari hamda gaz to‘ldirish ob’ektlarining maxsus reyestrini shakllantirishni rejalashtirmoqda. Bunday ob’ektlar bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chiriladi.
Mazkur choralar so‘nggi yillarda sodir bo‘lgan fojiali hodisalardan tegishli xulosa chiqarish, aholi xavfsizligini ta’minlash va sohadagi nazoratni kuchaytirishga qaratilgan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA