Xorijiy diplomlarni nostrifikatsiya qilish bo‘yicha test sinovlari o‘tkazildi
Xorijiy davlatlarda oliy ta’lim olgan fuqarolarning ta’lim hujjatlarini tan olish jarayonining ochiq va shaffofligini ta’minlash maqsadida nostrifikatsiya bo‘yicha navbatdagi test sinovlari tashkil etildi.
2026-yil 23-iyun kuni xorijiy davlatda oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish (nostrifikatsiya qilish) bo‘yicha test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Talabgorlarga qulaylik yaratish maqsadida imtihonlar ularning doimiy yashash joyiga yaqin hududlarda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etildi.
Test sinovlari maxsus ishlab chiqilgan dastur asosida elektron shaklda o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilar test yakunlanishi bilan o‘z natijalarini bilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida jami 625 nafar talabgor ishtirok etgan. Belgilangan tartib-qoidalarni buzgani uchun 2 nafar talabgor jarayondan chetlatilgan. Test topshirganlar orasidan 149 nafari belgilangan talabni muvaffaqiyatli bajargan.
Eslatib o‘tamiz, xorijiy davlatda oliy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish (nostrifikatsiya qilish) masalalari bo‘yicha fuqarolar Bilimni baholash agentligiga belgilangan tartibda murojaat qilishlari mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA