Energetika vazirligi: har bir murojaat bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘rganish hamda amaliy yechimlar ishlab chiqish maqsadida Energetika vazirligi tashabbusi bilan navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.
Andijon viloyatida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda Energetika vazirligi, “Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Andijon hududiy filiali hamda Magistral elektr tarmoqlari mas’ullari ishtirok etdi. Tadbir davomida sohadagi mavjud masalalar yuzasidan tadbirkorlarning fikr-mulohazalari eshitilib, ularni qiynayotgan muammolar muhokama qilindi.
Xususan, muloqot qatnashchilari elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalar bo‘yicha murojaat va takliflarini bildirdi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Energetika vazirligining Ekologik diplomatiya va yashil iqtisodiyot loyihalari bo‘limi boshlig‘i Behruz Mirzayev tadbirkorlar bilan ochiq va doimiy muloqotni ta’minlash sohani rivojlantirishning muhim omillaridan biri ekanini ta’kidladi.
– Har bir murojaat diqqat bilan o‘rganilishi va amalda hal etilishi zarur. Zero, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish iqtisodiyot barqarorligini ta’minlashning muhim sharti hisoblanadi. Energiya resurslari bilan bog‘liq masalalarning o‘z vaqtida hal etilishi ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi. Shu bois, har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilib, uning yechimi bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi. Biz tadbirkorlar bilan doimiy muloqotni davom ettirib, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, – dedi u.
Muloqot yakunida ko‘tarilgan qator masalalar yuzasidan mutaxassislar tomonidan tegishli tushuntirishlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiluvchi murojaatlar esa belgilangan tartibda nazoratga olinib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA