Yo‘lovchilar havo transporti va temir yo‘l xizmatidan rozimi?
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, havo va temir yo‘l xizmatlari samaradorligini oshirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan.
Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov yaqinda ana shu topshiriqlar ijrosini o‘rganib, yo‘lovchilar temir yo‘l va havo transportida duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli vazifalarni yuklagan edi. Sohadagi kamchiliklarni ko‘rsatib, qat’iy tanqid qilgani ijtimoiy tarmoqlarda turli fikr-mulohazalarga sabab ham bo‘ldi.
Viloyat rahbari o‘rganish chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish uchun yana Termiz xalqaro aeroporti va temir yo‘l vokzalida yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi.
Aslida havo transporti va temir yo‘l tarmog‘i rivojlanib, aholiga xizmat ko‘rsatish kengayib borayotgani ham mustaqillik sharofati. Sohada keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasi. Jumladan, so‘nggi yillarda Termiz xalqaro aeroportidan nafaqat, mamlakatimiz poytaxti, balki qator chet davlatlarga ham qatnovlar yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan asrda surxondaryoliklar Toshkentdan Termiz shahriga yo‘lovchi poyezdlarida kelish uchun qariyb yigirma soat vaqtini o‘tkazgan bo‘lsa, endilikda o‘n to‘rt-o‘n besh soatda viloyat markaziga yetib kelmoqda.
Ayni paytda “Toshkent-Termiz”, “Toshkent-Sariosiyo”, “Andijon-Termiz” yo‘lovchi poyezdlari va “Termiz-Sariosiyo”, “Termiz-Darband”, “Termiz-Surxonobod” shahar atrofida qatnaydigan poyezdlar aholining uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilmoqda. Biroq yoz ob-havosining issiq kelayotgani yo‘lovchilarda haqli e’tirozlarni ham uyg‘ota boshladi. Ular vagonlarda sovutish tizimlarining ishlamasligi, ayrim vagonlarning sanitariya holati, vokzallarning kutish zallaridagi sharoitlar va boshqa muammolardan aziyat chekayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ulug‘bek Qosimov bu safar Termiz temir yo‘l vokzalida bo‘lganida ana shu muammolarning bartaraf etilishi bilan qiziqdi. Termiz temir yo‘l vokzali va “Termiz-Sariosiyo” shahar atrofida qatnaydigan yo‘lovchi poyezdida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Termiz mintaqaviy temir yo‘l uzeli boshlig‘i G‘ulomjon Mamadaliyev bajarilgan ishlar va kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishtirdi.

Taqdimotda ta’kidlandiki, bir haftada vokzalning kutish va VIP zali, ona va bola, dam olish xonalari hamda boshqa qo‘shimcha xonalar ta’mirlanib, sharoit tubdan yaxshilandi. Vohadagi oltita vokzalning barchasida nogironligi bor shaxslar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratildi. Xizmat ko‘rsatish sifati oshirildi. Kassalar chipta xarid qilish uchun infokiosk bilan ta’minlangan. “Toshkent-Termiz”, “Andijon-Termiz” yo‘lovchi poyezdlariga sovutgichlar o‘rnatildi. “Termiz-Sariosiyo” shahar atrofida qatnaydigan poyezdining ikki vagoni havo ventilyatori bilan jihozlandi. Qolgan vagonlarni va boshqa yo‘nalishlarda shahar atrofida qatnaydigan poyezdlarga ham o‘n besh kunda havo ventilyatori o‘rnatiladigan bo‘ldi.
Viloyatdagi shahar atrofida qatnaydigan yo‘lovchi poyezdlari bir yilda o‘rtacha 470 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Kelgusi yil “Qumqo‘rg‘on-Quduqli” temir yo‘l bekatlari oralig‘ida elektrlashtirish ishlari yakunlangach, Chexiyaning zamonaviy “Shkoda” elektrpoyezdi keltirilib, “Termiz-Sariosiyo” yo‘nalishida aholiga sifatli, tezkor xizmat ko‘rsatishni boshlaydi. Yo‘lovchilarning manzillariga yetib borishi tezlashadi. Bir yilda 600 mingdan ortiq kishi zamonaviy elektropoyezd xizmatidan bahramand bo‘ladi. Shuningdek, “ToshkentTermiz” yo‘nalishida tezyurar elektrpoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilib, manzilga xavfsiz yetib olishni uch-to‘rt soatga tezlashtiradi.
–-Poyezd eng xavfsiz, ishonchli transport vositasi,–deydi Toshkentda yashaydigan mehnat faxriysi Oyisha Xo‘janazarova.–Talabalik yillarimdan poyezdda yurishga odatlanganman. U paytlar Turkmaniston orqali uzoq yo‘l bosib kelardik. Endi mamlakatimiz ichkarisida harakatlanamiz. Qulay. Bu safar “Toshkent-Termiz” yo‘lovchi poyezdiga chiqqanimda vagondagi tozalik, ozadalikni ko‘rib ko‘zim quvnadi. Chunki, avvallari vagonlarda bu sharoitlar yo‘q edi. Sovutish tizimi ishlab turibdi. Salqin. Choyshablar oppoq. Qati buzilmagan. Xizmatlar tekin. Muomilaga ham gap yo‘q. Xursandchiligimizdan manzilga yetib olganimizni ham sezmay qoldik. Istiqlol bayrami arafasida yuz bergan bu o‘zgarishdan behad mamnun bo‘ldik. Aholiga shunday sharoitlarni yaratib berayotgan davlatimizga rahmat.
Viloyat rahbari iste’molchilar “Termiz xalqaro aeroporti” mas’uliyati cheklangan jamiyatining chiptalar narxiga e’tiroz bildirayotganini ham aytib, tegishli rahbarlarga bu holatni o‘rganib, tahlil qilishni belgilab bergan edi.
–Viloyat hokimi topshirig‘iga asosan “Termiz xalqaro aeroporti” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ko‘rsatilayotgan xizmatlarni tahlil qildik, – deydi viloyat raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Fayzillo Samadov.–Yettita yo‘lovchi tashish aviakompaniyasi xizmat ko‘rsatadi. Termiz-Toshkent yo‘nalishida narxlar o‘rganilganda bir yo‘lovchi uchun chipta narxi 400 ming so‘mdan bir million 96 ming so‘mgacha ekani ma’lum bo‘ldi. Chiptalar “Termiz xalqaro aeroporti” mas’uliyati cheklangan jamiyati va xususiy kassalardan hamda onlayn xarid qilinmoqda. Chiptalar narxini aviakompaniyalar mustaqil belgilaydi. Yo‘lovchilar chiptani parvoz qilishdan qancha oldin xarid qilsa, shuncha arzon narxda oladi. E’tirozlar asosan parvozga bir soat qolganda xarid qilingan qimmat chiptalarga bo‘ladi. Ma’lumki, hozir dunyoda yoqilg‘i-moylov materiallari narxi kun sayin o‘sib bormoqda. Lekin, aviakompaniyalarimiz hali ham chipta narxlarini ko‘tarmasdan ushlab turibdi. Agar narx oshirilsa, iste’molchilarning e’tirozi yanada ko‘payishi mumkin. Aeroportda aholiga xizmat ko‘rsatish sifatli yo‘lga qo‘yilgan. Narxlar ham hamyonbop. Kutish zallari, oshxona va boshqa xizmat nuqtalarini ko‘rib chiqdik. Narx-navo qimmat emas.
Mamlakatimizda yo‘lovchi tashish xizmatida amalga oshirilayotgan bu ishlar ham mustaqillik sharofati bilan inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan ezgu g‘oyalarning amaldagi ifodasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
0